18 dekabr — Xalqaro migrantlar kuni
Bugungi kunda dunyo miqyosida millionlab insonlar mehnat migranti sifatida faoliyat olib bormoqda. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi xalqaro miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan 2000 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 55/93-son rezolyutsiyasiga muvofiq, 18 dekabr — Xalqaro migrantlar kuni etib belgilangan. Ushbu sana mehnat migratsiyasi sohasini takomillashtirish, migrantlarning huquqlarini ta’minlash, shuningdek, davlatlarning mazkur yo‘nalishdagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.
Ma’lumki, o‘zbekistonlik fuqarolar ham qator xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki To‘lov balansi departamenti direktor o‘rinbosari Azizbek Hayitovning ma’lum qilishicha, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistondan 2 million 360 ming nafar mehnat migranti chet elga chiqqan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 4 foizga yuqori.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu orqali mehnat migratsiyasini qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qator davlatlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.
Sherbek Islomov, O‘zA