153 nafar tinglovchi Sudyalar oliy maktabini muvafaqqiyatli bitirdi
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyilini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida keng ko‘lamli ish olib borilyapti.
Xususan, chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish, odil sudlovni amalga oshirish yo‘lida qonuniylikni ta’minlash, sohada kadrlar tayyorlash muhim yo‘nalishlardan biri. Zero, inson taqdiri odil sudlov va sudyalar qaroriga uzviy bog‘liq.
O‘z bilimiga tayanib, ildam qadam tashlayotgan, turli xil vaziyatda to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan navbatdagi 153 nafar tinglovchi Sudyalar oliy maktabini muvafaqqiyatli tugatdi. Bugun Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Cudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursi 2023-2024 o‘quv yili bitiruvchilariga magistr diplomi tantanali ravishda topshirildi.
Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi rahbariyati, sud faxriylari ishtirok etgan tadbirda Sudyalar oliy maktabida o‘quv jarayoni bilan huquqni qo‘llash amaliyoti uzviy bog‘liqligi ta’minlanib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash o‘quv kursi “70 foiz amaliyot, 30 foiz nazariya” tizimi asosida tashkil qilingani qayd etildi.
Marosimda so‘zga chiqqan Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov 10 oylik kurs davomida Oliy sud vakillari, Kengash sudyalari, Toshkent shahri va viloyati sudlari raislari va o‘rinbosarlari maktab jamoasiga yaqindan yordam berganini ta’kidlab, mashg‘ulotlarda ishtirok etgan sudyalarga minnatdorlik bildirdi.
– Bundan roppa-rosa 316 kun muqaddam sudyalikka nomzod sifatida tanlab olingan bitiruvchilar o‘qishga qabul qilingan edi, – dedi Xolmo‘min Yodgorov. – Professor-o‘qituvchilar, sudyalarning bir yil mobaynidagi mehnati, o‘quvchilarimiz salohiyati bugun yuzaga chiqqani barchamizni quvontirdi. Nega biz sudyalik kasbiga alohida e’tibor qaratamiz, mutaxassis tayyorlaymiz? Sudyalik, avvalo odamiylik, adolat talab etuvchi mas’uliyatli kasb. Boisi, siz-u bizning qarorimiz insonlar taqdiri bilan bog‘liq. Bir so‘z bilan aytganda, sudya kim haq, kim nohaqligini to‘g‘ri xulosa chiqarib, ayta olish kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 yanvardagi qarori bilan tashkil etilgan Sudyalar oliy maktabida hozirga qadar 345 nafar mutaxassis tahsil olgan. Quvonarlisi, 323 nafar yoki 93 foizdan yuqori bitiruvchimiz bevosita sudyalik faoliyatini olib boryapti.
2023-2024 o‘quv yilida jami 153 nafar – 48 kishi jinoyat huquqi, 47 nomzod fuqarolik, 30 nafar mutaxassis iqtisodiy, 28 tinglovchi ma’muriy huquq ixtisosligi bo‘yicha tahsil oldi.
Anjuman chog‘ida 2024 yil 10 iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquqi va erkinligini ishonchli himoya qilish kafolatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolangani ta’kidlandi. Hujjatga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan sud tizimida yangi institut, ya’ni tergov sudyalari joriy etiladi.
– Ayol sudyalar safini kengaytirish maqsadida alohida kvotalar ajratganmiz, – dedi Kengash raisi. – Bugungi bitiruvchilarning 41 nafari xotin-qiz. O‘ylaymanki, ular ham tegishli tartibda sudyalik faoliyatini boshlab, albatta sud tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shadigan yangi kuchga aylanadi.
Kasbiy bilimni chuqurlashtirish, sud ma’muriyati faoliyatini yuritish ko‘nikmasini egallash, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini o‘zlashtirishga qaratilgan yondashuv e’tiborga olinib, dars, mashg‘ulot mavzulari shakllantirilmoqda. Masalan, psixologik holatni nazorat qilish ko‘nikmasini shakllantirish uchun “Stress keltirib chiqaruvchi holatni boshqarish”, “Konfliktologiya. Nizo kelib chiqishi, ish jarayonida nizoni hal qilishning samarali usullari”, “Taym-menedjment: ish jarayonini to‘g‘ri va samarali tashkil etish” kabi muhim mavzular muhokamasi tinglovchilarning kelgusi faoliyatida asqotishi shubhasiz.
O‘quv kursining barcha ixtisosliklariga “Sud tizimida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda “Sud-huquq sohasidagi islohotlar” kabi yangi mashg‘ulotlar kiritilgan.
“Sudyani sudya o‘qitadi” tamoyili asosiga qurilgan mashg‘ulotlarga tajribali sudyalar, professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Professor-o‘qituvchilarimizning aksari, ya’ni 11 nafari yoki 85 foizi yuridik fanlar bo‘yicha ilmiy darajaga ega, 9 nafari yoki 70 foizi ko‘p yillar davomida sudyalik lavozimida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, darslarga doimiy ravishda amaldagi sudyalar, amaliyotchi mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti ham joriy qilingan.
Tadbirda sudyalikka nomzodlarni tayyorlashning jahon standartiga asoslangan butunlay yangi tizimi ijobiy natija bera boshlagani olqishlandi.
Hilola Sulaymonbekova, bitiruvchi:

– Juda hayajondamiz. Bir yil oldin ezgu niyatlar bilan, mashaqqatli mehnat, imtihon, sinovlardan o‘tib, tinglovchi sifatida qabul qilingandik. O‘tgan davr mobaynida huquqshunos olimlar, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari, malakali sudyalardan bilim oldik, izlandik, o‘z ustimizda ishladik.
Kasbimizning eng nozik qirralarini o‘zlashtirishga harakat qildik. Bitiruvchi sifatida aytishim mumkinki, nafaqat bilimli, balki yuksak insoniy fazilatga ega, dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, tafakkuri keng, bir so‘z bilan aytganda yangi jamiyat, yangi O‘zbekiston talabiga to‘liq javob beradigan sudyalar korpusini shakllantirishga barcha imkoniyat safarbar qilingan.
O‘qish davrida nazariy va amaliy bilimdan tashqari, sudyaning kasb etikasi, odob-ahloqi, ishchanlik muloqoti, sud muzokaralarini olib borish taktikasi, huquq normalarini sharhlash va to‘g‘ri qo‘llay olish ko‘nikmasini mustahkamlashga qaratilgan darslar, chet davlatlardan xalqaro ekspertlar jalb qilingan holda tashkil etilgan mashg‘ulotlar samarasini berishi shubhasiz.
Abdulla Rahimov, magistr-bitiruvchi:

– Taassurotim cheksiz! Xayrli va mashaqqatli mehnat samarasi o‘laroq, magistr diplomini oldim. Endi yanada mas’uliyatli davr boshlanadi, deb o‘ylayman. Sudyalik – juda mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasb. Olgan bilimimizni amaliyotda qo‘llab, adolatni ta’minlash yo‘lida xizmat qilamiz. Xalqimiz, yurtboshimiz ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
Sudyalik deganda adolatni tushunishimiz kerak. Davlatimiz rahbarining xalqimiz manfaati yo‘lida olib borayotgan to‘g‘ri siyosatini anglab, kelgusidagi ishimizni, har bir qarorimizni shu yo‘lga moslashimiz lozim.
Gulandon Irnazarova, iqtisodiyot yo‘nalishi tinglovchisi:

– Bir yillik mashg‘ulotlar davomida o‘zimizga kerakli xulosalarni oldik, tajriba almashdik. Sohaning eng muhim jihatlarini o‘zlashtirdik.
Bu hayajonli daqiqalarni bir umr yodda saqlayman. Zero, bugundan e’tiboran biz sudyalik kasbi egalarimiz. Faoliyatimda seminar va mashg‘ulotlarda o‘tilgan nazariy bilimni qo‘llashga harakat qilaman. Nazarimda sudya adolatli, vijdonli, eng asosiysi ichki ishonchiga asoslangan qaror qabul qilishi kerak. Ishimiz doim insonlar taqdiri bilan bog‘liqligini his qilish lozimligini tushundim. Barcha bitiruvchilarga omad tilayman!
Tadbir yakunida ishtirokchilar, bitiruvchilar va ularning oila a’zolari uchun konsert dasturi tashkil etildi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri