14 oila ajrimdan asrab qolindi
Guliston shahrida o‘tgan oylar mobaynida 38 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oila aniqlangan.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida ajrimlar soni ikki barobarga ortgan. Aslida dabdabali to‘ydan keyin oila, deb atalmish muqaddas dargohda osongina yashab ketilavermaydi. Oila uning har bir a’zosidan har tomonlama tayyorgarlikni, ma’naviy-axloqiy yuksaklik va soflikni talab qiladi. Yosh oilaning o‘ziga xos mas’uliyati, yozilmagan qonunlarga itoat etish majburiyatlari ham bor. Oila sabot, chidam, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, hayot qiyinchiliklarini yengib o‘tishni talab qiladi. Yangi hayotga qadam qo‘ygan har bir inson baxtli turmush, muhabbat va sadoqatni niyat qiladi.
To‘g‘ri, oilaviy nizolar, er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik va nikohning bekor qilinishi azaldan bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Yoshlar markazida xotin-qizlar faollari, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari hamda IIB, prokuratura, bandlikka ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash, adliya tashkilotlarining mas’ullari bilan uchrashuvida ham ajrimlar monitoring qilindi. Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarni kasb-hunarga, oilaviy va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, oilalarda zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldini olish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, ajrim yoqasidagi oilalarni o‘rganish, oilaning ish bilan band bo‘lmagan a’zolari bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish orqali ajrimlarning oldini olish yuzasidan vazifalar berildi. Ammo shunga qaramay Guliston shahrida 38 oila ajrim yoqasiga kelib qolgan. Bu oilalarda ajrimga olib kelayotgan sabablar chuqur o‘rganildi. 14 oilani yarashtirishga erishildi.
Guliston shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi, faol ayollar, mahalla profilaktika inspektori, psixolog bilan birgalikda oilalar o‘rganilib, suhbat o‘tkazildi. Farzandlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha tushuntirishlar olib borildi. N. va X. ham uch yillik oilaviy nizolar ostida yashagan... Turmush qurganiga endigina bir yil bo‘lgan yoshlar ajrashishga qaror qilgan.... Yangi kelinchak arazlab ota uyiga ketib qolgan... Bu kabi muammolar psixolog aralashuvidan so‘ng ijobiy yechim topib, oila a’zolari ajrashish fikridan qaytdi.
Arzimagan vajlar sabab oilani barbod etish, albatta, bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir etadi. Vatan ichra kichik vatanni ko‘z qorachig‘idek asraylik.
Azizaxon Payziyeva,
Sirdaryo viloyati Guliston shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA