14 milliardlik tender nega bekor qilindi?
Tender o‘tkazildi. Ishtirokchilar shartlarni ko‘rib, savdoga kirishdi. Ammo keyin ma’lum bo‘ldiki, bu shartlarning ayrimlari raqobat uchun savolli ekan.
Gap esa oddiy xarid haqida emas — boshlang‘ich qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan tibbiy jihozlar savdosi haqida ketmoqda.
Masala Raqobat qo‘mitasiga “Skymed-Technologies” MCHJning murojaatidan so‘ng o‘rganildi. Tekshiruv davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xaridlar markazi davlat muassasasi tomonidan o‘tkazilgan tender shartlarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar mavjudligi aniqlandi.
Qonunning 29-moddasi talablari buzilgani qayd etilgach, 14 milliard so‘mlik tender bekor qilindi.
E’tiborli jihati shundaki, bu yerda masala faqat bitta tenderning taqdirida emas. Davlat xaridida qo‘yilgan har bir talabning o‘zi raqobatga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois bunday savdolarda shartlarning kimgadir qulay yoki noqulayligi emas, ular barcha ishtirokchilar uchun bir xil imkoniyat yaratadimi-yo‘qmi, degan savol muhim.
Nigora Rahmonova,
O‘zA