123 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritildi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning may oyi uchun hisoblangan keshbek mablag‘lari 25-iyundan keyin tasdiqlanadi. Keshbek mablag‘lari tasdiqlanishi uchun fuqarolar «Soliq» mobil ilovasida shaxsini tasdiqdan o‘tkazgan bo‘lishi lozim.
Tasdiqlangan keshbek mablag‘larini belgilangan tartibda bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Agar xarid qilingan tovar yoki xizmatni sotgan tadbirkor soliq hisobotini taqdim etmagan bo‘lsa, hisobotda kamchiliklar mavjud bo‘lsa yoki uning soliq qarzi to‘lanmagan bo‘lsa, keshbek mablag‘i mazkur kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin avtomatik ravishda tasdiqlanadi.
Quyidagi holatlarda xarid cheki uchun keshbek berilmaydi. Jumladan, chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari xarid qilinganda, shuningdek aloqa va kommunal xizmatlar uchun to‘lov cheklarida, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan raqamli platformalar orqali berilgan cheklarda, jismoniy shaxs shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan bo‘lsa keshbek berilmaydi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, boshqa shaxsga tegishli onlayn-nazorat kassa texnikasi chekini uning roziligisiz ro‘yxatdan o‘tkazgan, huquqbuzarlik sodir etgan yoki keshbek olish huquqidan noqonuniy foydalangan jismoniy shaxslar shubhali xaridorlar reyestriga kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qaroriga muvofiq, bunday shaxslarga nisbatan belgilangan cheklovlar qo‘llaniladi.
Joriy yilning may oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali muayyan haq evaziga uchinchi shaxslardan «soxta» xarid cheklarini olgan, amalda xarid qilinmagan tovarlar uchun cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan 123 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan.
Qayd etilishicha, soxta cheklar orqali byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishga urinish qonunchilikka zid hisoblanadi va bunday harakatlar uchun javobgarlik belgilangan.
Fuqarolardan «Soliq» mobil ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlar uchun berilgan fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish, boshqa shaxslar tomonidan taqdim etilgan soxta cheklardan foydalanmaslik so‘ralmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA