120 ta yangi taklif va tashabbus batafsil tahlil qilinib, yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi davom etmoqda.
Bugungi majlisga tayyorgarlik jarayonida 120 ta yangi taklif va tashabbus kelib tushdi. Ularning barchasi batafsil tahlil qilinib, yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirildi.
Bular investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot masalalaridir.
Prezidentimiz, ayniqsa, quyidagi takliflar hozir har qachongidan ham dolzarbligini ta’kidladi.
Xususan, valyuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini yengillashtirish, islomiy sug‘urta, “yashil” kredit, bank aktivlari bozorini yo‘lga qo‘yish kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish, korxonalarda atrof-muhit, ijtimoiy mas’uliyat va samarali boshqaruvni o‘z ichiga olgan ESG tamoyillarini qo‘llashni rag‘batlantirish.
Shu bois, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar belgilanib, aniq yechimlar ishlab chiqilishi qayd etildi.
Ushbu dolzarb vazifani o‘z zimmasiga olgan ishchi guruhlar hamraislari – “Vision Invest”, “BDO”, “Crowe”, “OTP Group”, “Franklin Templeton”, “Ernst & Young”, “Costa Legal” va “ACWA” kompaniyalari rahbarlariga minnatdorlik bildirildi.
O‘zA