106 — raqamli tepalik uchun jang
Shu bois ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining yorqin xotirasi abadiyatga daxldor va ularni doimo sharaf bilan yodga olamiz.
Ikkinchi jahon urushi – mislsiz qirgʻinbarot, vatan himoyasiga otlangan ne-ne mard oʻgʻlonlarning qurbon boʻlishi, turmush oʻrtogʻidan, suyukli farzandidan judo boʻlishiga sabab boʻlgan mudhish voqeadir. Bugungi avlod uchun, albatta bu voqealar bir ertak boʻlib tuyuladi, ammo berilgan qurbonlar, chekilgan azobu mashaqqatlar izsiz ketmadi. Ularning qahramonliklari evaziga mana shunday dorilamon kunlar shukuhini tuydik. Shu bois ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining yorqin xotirasi abadiyatga daxldor va ularni doimo sharaf bilan yodga olamiz.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida istiqomat qilayotgan Ahmad bobo Jalilov ham urushning bor dahshatlarini boshidan kechirgan va u bugungi kunda muborak 96 yoshni qarshi oldi. Karantin davri boʻlgani bois Ahmad bobo bilan yuzma-yuz muloqot qilolmasakda telefon orqali suhbatlashishga, doim eshitsakda, lekin sira zerikmaydigan urush mavzusidagi hikoyalarini tingladik. Xotiralari bilan biroz boʻlsada boʻlishdik.
–1943-yilning 3-may kuni urushga otlangan edim, – deydi Ahmad bobo oʻsha mashʼum yillarni xotirlar ekan. 6 oylik tayyorgarlikdan soʻng Kaliningrad shahrida jangga kirganman. Meni oʻqchilar dvizoniga olishgan edi. Ikki yil davomida koʻplab ayovsiz janglarda ishtirok etdim. Ulardan biri Kaliningrad shahridagi 106-raqamli tepalik uchun boʻlgan.
Bu tepalik atrofni kuzatish va kelayotgan dushman qoʻshinlariga aniq zarba berish uchun oʻta strategik ahamiyatga ega boʻlib, uni fashistlar egallab olgandi. Shu bois bizning qismimizga qanday boʻlmasin tepalikni qoʻlga kiritish vazifasi yuklatildi. Avvaliga juda qiynaldik, chunki balanddan atrofni aniq kuzatib turgan fashist askarlari okopdan chiqishingiz bilan nishonga olardi. Hatto ular kunduz kuni oʻq otilgan joylarni eslab qolib, kechalari ham oʻsha tomonga qaratib vaqti-vaqti bilan oʻq uzib turishardi. Bu bizni oʻzlariga yaqinlashtirmaslik uchun oʻylab topilgan chora edi.
Shunda bizning komandirimiz ham dushmanning hiylasiga qarshi boshqa bir ayyorlik topdi. Rejaga koʻra, qorongʻu tushishi bilan biz akopdan chiqmasdan turib, baravariga “Ura” deya baqirardik. Bizni bostirib kelayapti, deb oʻylagan nemislar esa har safar “Ura” ovozini eshitishi bilan gir atrofga qaratib oʻq yomgʻirlarini yogʻdirardi. Oxiri ular ayyorlikni tushundi va oʻq otishni toʻxtatdi, biz esa paytdan foydalanib, tepalikka chiqib bordik. Koʻp safdoshlarimiz ana shu jangda halok boʻldi, lekin nemis qismini tor-mor etib, tepalikni qoʻlga kiritdik. Bu jangda koʻrsatgan qahramonligim uchun menga “Qizil yulduz” ordenini berishdi. Bu ilk ordenim edi. Oʻsha kezlar birinchi orden olish askarlar uchun juda katta faxr edi. Shundan soʻng yana koʻplab toʻqnashuvlarda ishtirok etib, koʻplab orden va medallar olganman. Lekin bu ordenlar koʻksimni bezab turgani bilan uni ichida yonayotgan olovni oʻchira olarmidi, aslo bosolmaydi. Jangohlarda daryo boʻlib oqqan qonlar, qancha ohu nolalar unut boʻlarmidi.
Birga xizmat qilgan quroldoshlarim, qoʻlimda jon bergan safdoshlarim hali hamon tushlarimga kirib chiqadi. Ularning qanchasi jangohlarda shahid boʻlib ketdi. Ular haqiqiy mard jangchilar edi. Noming oʻchsin urush! Boshimizga qanday kulfatlarni yogʻdirdi... Bugun tinch va osuda kunlarimiz abadiy boʻlsin. U kunlarni hech kimning boshiga solmasin.
Ahmad bobo Jalilov urushdan keyin aloqa sohasida samarali mehnat qildi. Bugungi kunda mahallada, taʼlim muassasalarida yoshlarga tinchlikning ulugʻ neʼmat ekani, farovon hayotimizning qadriga yetish, uni asrab-avaylash zarurligi haqida oʻgit hamda maslahatlar berishdan charchamaydi. Uning koʻksini bezab turgan koʻplab orden va medallar yoshlar uchun haqiqiy ibrat namunasidir.