102 yoshli otaxon referendumda ovoz berdi
Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lganidek, Piskent tumanida ham referendum jarayonlari ko‘tarinki ruhda boshlandi. Tumandagi 29 ta referendum uchastkasida soat 8.00 da siyosiy jarayonlar davlat madhiyasi bilan ko‘tarinki ruhda boshlandi. Tumanda jami 60 ming 424 nafar fuqaro ovoz berish jarayonlarida qatnashadi. Jarayonlarning demokratik talablar asosida ochiq-oshkora va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun barcha sharoit yaratilgan, 5 ta partiya kuzatuvchilari ishtirok etmoqda. Bugun xalqimiz va davlatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonga, islohotlarga hamohang xalqimiz faolligi ham yaqqol kuzatilmoqda.
Piskent tumani Chimqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 102 yoshli II jahon urushi faxriysi Anorqul ota Hotamov ham ona Vatan taqdiriga befarq emasligini bildirdi va referendumda qatnashib, ovoz berdi.

– Biz ona O‘zbekiston uchun jang qildik, qon to‘kdik, qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdik. Mana endi dorilomon kunlarning rohatini ko‘ryapmiz. Shuning uchun bugun referendumga tinchlik uchun ovoz berdim, – deydi otaxon. Anorqul ota uchun 536-referendum uchastkasi a’zolari xonadoniga ko‘chma quti olib borib, siyosiy irodasini bildirishiga yordam berdi.
A.Musayev, O‘zA.