101 yoshli Sapura Usmonova ovoz berdi
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda. Andijonliklar saylovda faol qatnashmoqda.
Qonunchilik va belgilangan tartiblarga ko‘ra, saylov kuni ayrim saylovchilar sog‘ligining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan taqdirda ularning yozma yoki og‘zaki qilgan murojaatlariga asosan, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni saylovchilarning yashash xonadonlarida tashkil etadi. Bunda uchastka saylov komissiyasining kamida 2 nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga boradi.

Ana shunda kelib chiqib, Marhamat tumanidagi 560- saylov uchastkasi a’zolari Marhamat tumanidagi “Rovot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 101 yoshli onaxon Sapura ona Usmonova xonadoniga borib, ovoz berishni tashkillashtirdi.

– Yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, to‘kin-sochinlikka ko‘z tegmasin, deydi onaxon. – Ishonamanki, saylovda yurtdoshlarimiz eng munosib nomzodga ovoz beradi. Saylanadigan Prezident hayotimizni yanada chiroyli bo‘lishini ta’minlaydi.
Umuman, okrug hududida 8 ming 571 nafar fuqaroning ko‘chma qutilar orqali ovoz berishi rejalashtirilgan.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA