10 nomzoddan 8 nafari ishli bo‘ldi
Sirdaryo viloyatida energetika sohasi uchun malakali kadrlar saralab olindi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filialida o‘tkazilgan ochiq tanlov va suhbat natijalariga ko‘ra, energetika yo‘nalishini tamomlayotgan 10 nafar bitiruvchidan 8 nafari tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalaridagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bandligini ta’minlash, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish hamda malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda nomzodlarning kasbiy tayyorgarligi, nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va sohada faoliyat yuritish salohiyati atroflicha baholandi.
Suhbatni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali direktori Yodgor Dehqonov olib bordi. Shuningdek, bitiruvchilarga tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, elektr tarmoqlari korxonalarida yosh mutaxassislar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, kasbiy o‘sish imkoniyatlari hamda ishga qabul qilish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-30507]
Tanlovda ishtirok etgan yoshlar orasida Jizzax politexnika institutining «Elektr energetikasi» ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi Nargiza Zayniddinova o‘zining chuqur nazariy bilimi va amaliy tayyorgarligi bilan e’tibor qozondi. U Sardoba tuman elektr ta’minoti korxonasiga ASKUE operatori lavozimiga ishga qabul qilindi.
— Bunday ochiq tanlovlar bir vaqtning o‘zida ikki muhim vazifani hal etadi. Birinchidan, bitiruvchi yoshlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Ikkinchidan esa energetika tarmog‘ini bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh kadrlar bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu esa sohada kadrlar salohiyatini mustahkamlash va xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega, — deydi filial direktori Yodgor Dehqonov.
Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filialida ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, iqtidorli bitiruvchilarni aniqlash va ularni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi uchrashuv va ochiq tanlovlar yoshlarning bandligini ta’minlash bilan birga, energetika tarmog‘ining kadrlar salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA