Mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulotlar
Jizzax viloyatidagi uch yuzga yaqin korxonada 2014-yilda 17,8 milliard so‘mlikdan ziyod trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mazkur korxonalarning asosiy qismi qishloq hududlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Jizzax viloyatidagi uch yuzga yaqin korxonada 2014-yilda 17,8 milliard so‘mlikdan ziyod trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mazkur korxonalarning asosiy qismi qishloq hududlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarga bank kreditlari ajratish, imkoniyat va imtiyozlar berish orqali aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2009-yil 15-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Yangiobod tumanining Balandchaqir qishlog‘ida 2013-yilda ish boshlagan “Yangiobod chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik fabrikasi barqaror rivojlanib borayotgan korxonalardan. 86 nafar xotin-qiz ishlayotgan korxonada ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. 57 million so‘mlik bank krediti evaziga xorijdan keltirilgan zamonaviy dastgohlarni kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislar boshqarmoqda.
Korxonada kuniga 3 mingdan ortiq 20 turdagi kiyim-kechak tikilmoqda. Paxtadan tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari xorijda ham xaridorgir.
– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibordan foydalanib, ishlab chiqarishni yanada kengaytirmoqdamiz, – deydi korxona ish yurituvchisi Lutfulla Mamazaripov. – 2015-yilda korxonaga kuniga 3 ming metr mato to‘qiydigan texnologiyani olib kelishni rejalashtirganmiz. Ip-kalava ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi bilan yana 20 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qishloqlarda sanoat korxonalarining barpo etilayotgani hudud iqtisodini yuksaltirish barobarida aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.