1 dekabr – Ruminiyada milliy birlik kuni
Ruminiyaning milliy birligi bayrami tarixi 1918 yil 1 dekabr, Transilvaniya va Banatdan kelgan ruminlar Ruminiya Qirolligi bilan birlashish uchun ovoz bergan kundan boshlangan.
Millionlab insonlar halok bo‘lgan, o‘n millionlab odamlar qochqinga aylangan Birinchi jahon urushi Yevropa xalqlari uchun dahshatli falokat keltirgani ma’lum. Frontning old chizig‘idagi mamlakatlar ulkan vayronagarchilikka uchragan. Ruminiya ham ofat markazidagi davlat edi. Kichik xalq jasorat bilan Rossiya va Antanta tomonini oldi. Natijada, bir yarim yil davom etgan shiddatli jangdan so‘ng hudud ishg‘ol qilindi. Ittifoqchilar g‘alabasi Ruminiyadan uzoqroqda qo‘lga kiritilsa-da, baribir g‘alaba umumiy edi. Xullas, rumin xalqi buyuk avlodlari orzusi – milliy birlikka muvaffaq bo‘ldi!
Ushbu kunni Ruminiya an’anaviy ravishda Buxarestda harbiy parad va mashhur siyosiy rahbarlar rasmiy chiqishi bilan kutib oladi. Davlat bayrog‘i binolar ustida hilpiraydi. Aksariyat fuqarolar Birlik kuni dam oladi, maktab, universitetlar ham yopiq bo‘ladi.
Joriy yil 6 oktyabrda Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 28 yil to‘ldi. Bu davr har ikki davlat uchun muvaffaqiyatli kechdi.
– Ruminiya va O‘zbekiston turli sohalardagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda, – deydi ushbu mamlakatning respublikamizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Kristian Chobanu. – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ikki davlat munosabatini chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Eng muximi, har ikki tomonda ulkan salohiyat bor. Siyosiy va diplomatik darajada muhim natijalarga erishilyapti. 2022 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan maslahatlashuvning so‘nggi davrasida hamkorlikning ahamiyati yana bir bor ta’kidlandi. Iqtisodiy aloqa jadal rivojlanmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash o‘tgan yilga nisbatan 330 foizdan ko‘proq o‘sgan. Madaniyat, ta’lim, turizm sohalaridagi hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. Ruminiya mavjud aloqalarni yanada chuqurlashtirish, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash tarafdori.
M.Pirmatova, O‘zA