“Zukko kitobxon” jamoalari aniqlandi
Andijon shahridagi Yoshlar saroyida mahalla yoshlari yetakchilari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Zukko kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahallalarda ish olib borayotgan yoshlar yetakchilarining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida ijodiy raqobatni rivojlantirish, ilg‘or va faol yetakchilarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Yetakchilar spartakiadasi” doirasida tashkil etilgan “Zukko kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida mahallalarning eng faol kitobxon yoshlar yetakchilaridan tuzilgan tuman, shahar jamoalari ishtirok etdi.
[gallery-20816]
– Yoshlar, xususan, yoshlar yetakchilari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan tanlovning tuman, shahar bosqichlarida ham yoshlar yetakchilari faol ishtirok etdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Naziraxon Ubaydullayeva. – Tanlovning viloyat bosqichida ularning eng ilg‘orlaridan tuzilgan jamoalar o‘zlarining kitobxonlik borasidagi bilim va salohiyatlarini namoyish etdi.
Belgilangan shartlar bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bahslar, savol-javoblar asosida o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon shahar yoshlar yetakchilari jamoasi 1- o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Baliqchi tumani, uchinchi o‘rin esa Xo‘jaobod tumani jamoalariga nasib etdi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari