Zoyir Mirzayev urush faxriylarini tabrikladi
9 may –Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan keksalarni yo‘qlash, ularni holidan xabar olish maqsadida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashib, ular holidan xabar oldi. Hozirda hududda 26 nafar Ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilari yashamoqda.
Yangiyo‘l shahridagi “Fayzobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashayotgan urush faxriysi Rihimjon ota Rajapov bu yil 99 yoshni qarshiladi. Viloyat hokimi bu otaxon xonadonida ham mehmon bo‘ldi.


Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligini nishonlash munosabati bilan dastlab Z. Mirzayev otaxonga Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng Prezidentimiz farmoniga asosan bir martalik 18 million so‘m pul mukofoti, viloyat hokimligi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng navbatdagi manzil Yangiyo‘l tumanidagi "Qovunchi" mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urishi qatnashchisi Nodir ota Mansurov xonadoni bo‘ldi. Z. Mirzayevga Toshkent viloyati "Nuroniy" jamg‘armasi raisi F.Omonov, tuman hokimi U.Yalgashev, Mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari, nuroniy faxriylar va yoshlar ham hamrohlik qildi.
Suhbat davomida otaxon o‘zining hayot yo‘llari haqida barchaga so‘zlab berdi. bugungi dorilomon va farovon kunlarning qadri beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. Mas’ullar bu otaxonga ham esdalik sovg‘alari va pul mukofotini topshirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1941-1945 yillarda Toshkent viloyatidan jami 121 969 nafar kishi frontga ketgan. Ularning 22 617 nafari janglarda halok bo‘lgan. 19 367 nafari bedarak yo‘qolgan. 1942 yilning kuzida Toshkent viloyati aholisi frontga 52 vagon oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natgan. Birgina Oqqo‘rg‘on va Yangiyo‘l tumanidan aholining o‘z shaxsiy jamg‘armalari hisobidan 220 milllion so‘mdan oshiq pul mablag‘i frontdagi g‘alabani ta’minlash uchun tashkil etilgan maxsus jamg‘arma hisobiga o‘tkazib berilgan. Urush o‘choqlaridan mazkur hududga yuborilgan 3500 nafar boshpanasiz kishi va 1700 nafar yosh go‘dak viloyatdagi o‘zbek xonadonlarida qo‘nim topgan.
Joylarda bu kabi uchrashuvlar davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA