Zominda yiliga 500 tonna shirinlik ishlab chiqaruvchi quvvat yaratildi
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Yoshlar texnoparkida yillik quvvati 500 tonna bo‘lgan “Sweet Baraka House” qandolatchilik korxonasi ish boshladi.
Mahalliy ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari va eksport rejalari Zomindagi qandolatchilik loyihasining asosiy yo‘nalishlaridir. Bir milliard so‘mlik sarmoya evaziga ish boshlagan korxona kelgusida bozor ko‘lamini kengaytirishni ko‘zlamoqda. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tadbirkor uchun bozorga kirish imkoniyati bo‘lsa, aholi uchun barqaror daromad manbaidir. Zomin tumanidagi Yoshlar texnoparkida faoliyat boshlagan “Sweet Baraka House” MCHJ misolida bu ikki yo‘nalish uyg‘unlashmoqda.
“Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan korxona tadbirkor Hamid Xo‘jabekov rahbarligida tashkil etildi. Mahsulot tayyorlash jarayonida Germaniya va Italiyaning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanilmoqda.

Korxonada pechenening turli shakl va hajmdagi ko‘rinishlari bilan birga, jami 15 turdan ortiq qandolat mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvat 500 tonna etib belgilangan. Loyiha doirasida bir milliard so‘m miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, 50 nafar xotin-qiz va yoshlarning bandligi ta’minlandi.
Korxona rahbari Hamid Xo‘jabekov istiqboldagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
– Keyingi bosqichda ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va shokolad aralashmali shirinliklar tayyorlashni rejalashtirganmiz,– deydi u.
Tadbirkorning rejalari ichki bozor bilan cheklanmaydi. Qo‘shni davlatlarga mahsulot yetkazib berish niyati ishlab chiqarishni yanada kengaytirish zaruratini yuzaga keltiradi.
Korxonaning keyingi rivoji ishlab chiqarish quvvatidan samarali foydalanish, xaridor talabiga mos mahsulot tayyorlash va tashqi bozorda o‘z o‘rnini topishiga bog‘liq. Ana shu vazifalarning bajarilishi yangi loyihaning iqtisodiy samarasini belgilaydi.
Abdujalol QAYUMOV,
O‘zA