Zomin — xalqaro e’tibor markazida
Prezident qarori ijrosi amalda
Jizzax viloyatining Zomin tumani so‘nggi yillarda nafaqat mamlakat, balki xalqaro turizm xaritasida ham o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgan hudud sifatida yana bir bor e’tirof etildi. “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays xonimning tashrifi bu fikrning amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

Tashrif doirasida nufuzli mehmon Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev bilan uchrashib, hududda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish masalalarini muhokama qildi. Suhbat chog‘ida viloyat turizm brendini jahon maydonida faol targ‘ib etish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olindi.
Mamlakatimizda turizmni strategik tarmoq sifatida rivojlantirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 5-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar — hududlarning turizm salohiyatini to‘liq ochish, infratuzilmani yaxshilash, milliy madaniy merosni keng targ‘ib qilish kabi yo‘nalishlar Zomin misolida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

Shayxa Nosir Al Novays xonim tashrif davomida Zominning betakror tabiati, musaffo havosi, tog‘li hududlari va zamonaviy dam olish maskanlari bilan yaqindan tanishdi. “Zomin dor yo‘li” orqali tog‘ bag‘riga sayohat qilib, “Baxt ko‘prigi”dan atrof-muhitni kuzatdi, Suffa platosida turistlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bu kabi ob’ektlar hududning nafaqat ichki, balki xalqaro turizm bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Tashrifning eng ta’sirli jihatlaridan biri — mehmonning Duoba mahallasida o‘tkazilgan Navro‘z saylida ishtirok etgani bo‘ldi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va boy madaniy merosimizni o‘zida mujassam etgan ushbu xalq bayrami xorijlik mehmonda unutilmas taassurot qoldirdi. “Zomin sayqali” folklor-etnografik xalq ansambli ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, lapar va raqslarni zavq bilan tomosha qildi.

Milliy hunarmandchilik namunalari — kashtachilik, ipakchilik va qadimiy gilam to‘qish jarayonlari mehmonda alohida qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, sumalak tayyorlash marosimida ishtirok etib, tinchlik va do‘stlik yo‘lida niyat qilish an’anasiga amal qilgani tadbirga yanada teran ma’no baxsh etdi.
Navro‘z dasturxonidagi Zomin qozon patiri, “Zomin tandiri” va boshqa milliy taomlar esa hudud gastronomik turizm salohiyati ham yuksak ekanini yaqqol namoyon etdi. Mehmon ularga yuqori baho berib, milliy taomlar orqali xalqning madaniyati, an’analari va mehmondo‘stligi butun jozibasi bilan namoyon bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, u o‘zbek milliy o‘yini — “Besh tosh”ni qiziqish bilan kuzatib, uni amalda sinab ko‘rishga ham harakat qildi. Bu kabi oddiy, ammo mazmundor xalq o‘yinlari ham turizmning o‘ziga xos jozibasini oshiruvchi muhim omillardan biri ekani yaqqol ko‘rindi.
Tashrif davomida Shayxa Nosir Al Novays xonimga Zomin tumani hokimi Shuhrat Abdug‘aniyev, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Sardor Shukrullayev va boshqa mutasaddilar hamrohlik qilishdi.

Umuman olganda, mazkur tashrif Zominning turizm salohiyati xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar izchil va samarali kechayotganini ko‘rsatdi. Eng muhimi, bu — Prezident farmonlarida belgilangan vazifalar joylarda amalda ijrosini topayotganining yana bir yorqin dalilidir.
Abdujalol Qayumov (surat), O‘zA