Zomin tumanida saylov jarayoni qizg‘in davom etmoqda
Jizzax viloyatining chekka hududlaridan biri bo‘lgan Zomin tumanidagi 268-saylov uchastkasida erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda saylov uchastkasiga kelib, o‘zi munosib deb topgan nomzodga ovoz berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga butunlay o‘zgacha tayyorgarlik bilan keldik, – deydi Alisher Abdug‘anev. – Tumanimizdagi barcha 68 ta saylov uchastkasida saylovchilar va komissiya a’zolari uchun to‘liq sharoitlar yaratilgan. Har bir uchastkaga olib boruvchi yo‘llar, saylov uchastkalari joylashgan inshootlar to‘liq ta’mirlandi.
Saylovlar shaffof va demokratik tarzda o‘tayotir. Saylovchilar kelgusi besh yillikda mamlakatimiz taraqqiyoti, iqtisodiyotimiz rivoji, jamiyatimizda demokratik tamoyillarning yanada mustahkamlanishi yo‘lidagi yurtparvar, xalqparvar deb bilgan nomzod uchun ovoz bermoqda.
– Saylov uchastkamizda 1 ming 851 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shulardan 12 nafar yosh Prezident saylovida birinchi marta ishtirok etayotgan bo‘lsa, 9 nafar fuqaro uylarida turib ovoz bermoqda, – deydi 268-saylov uchastkasi raisi Temurbek Nazarov. – Shuningdek, 10 nafar fuqaro muddatidan ilgari o‘z ovozlarini berdi. Ayni payt, soat 14:00 ga qadar saylovchilarimizning 65 foizi ovoz berish jarayonlarida ishtirok etib bo‘ldi.
Zomin tumanida saylov jarayonlari davom etmoqda.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA