Zomin tabiati musavvirlar nigohida
Zomin tabiati o‘zining bahavoligi, betakrorligi bilan nainki yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar orasida ham shuhrat qozongan.
O‘zini ona-tabiat muxlisi deb bilgan inson borki, ushbu maftunkor maskanga borishni, undan bahra olishni orzu qiladi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida Zomin ijodiy safari yakunlari yuzasidan "Zomin tog‘lari sadosi" deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Plener – tabiatdan bahra olgan holda, betakror muhit qo‘ynida kartina ishlash jarayoni musavvirlar uchun eng qiziqarli, ham foydali ijod sanaladi. Joriy yilning 25 aprel – 5 may kunlari o‘tkazilgan ushbu plenerda 13 nafar rangtasvirchi rassom va 2 nafar fotorassom ishtirok etdi.

Badiiy akademiya Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Zomin ijodiy pleneri O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida uyushtirildi.

Yashillikka burkangan tog‘lar, maftunkor go‘shalar, so‘lim bog‘lar, sharqiragan soylar, gul-giyohlar, shishadek ko‘m-ko‘k osmon, hech qaysi dori-darmonga tenglashtirib bo‘lmaydigan musaffo havo... Bularning bari mohir musavvirlarimizning nigohi, mahorati, o‘ziga xos ijodiy yondashuvi asosida ularning betakror kartinalarida o‘zining yorqin ifodasini topgani bilan ahamiyatlidir.

“Zomin tog‘lari sadosi” ko‘rgazmasiga kelgan har bir tomoshabin o‘zini go‘yoki, purviqor tog‘lar qo‘ynida yurgandek his etadi. Mazkur ekspozitsiya ona-tabiatga bo‘lgan mehr va hurmatni yanada kuchaytirishda, jonajon Vatanimizdan faxrlanish tuyg‘ularini oshirishga xizmat qilishi tayin. Ko‘rgazmada 13 nafar plener ishtirokchilarining 98 ta etyudlari namoyish etilmoqda.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri