“Zilzila o‘chog‘i" degani nimani anglatadi?
Zilzila yerning ma’lum chuqurlikdagi qatlamlarida ro‘y beradi va atrofga tarqaladi.
– Zilzila bo‘lgan joyni zilzila o‘chog‘i deymiz, o‘choqning markazi gipotsentr, deb ataladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Seymologiya institutining laboratoriya mudiri, akademik Qahhorboy Abdullabekov. – Gipotsentrning yer yuzidagi proyeksiyasi epitsentr, deb yuritiladi. Epitsentr va gipotsentr oralig‘idagi masofa yoki yer sathidan gipotsentrgacha bo‘lgan oraliq zilzilaning chuqurligi, deyiladi. Uning chuqurligi yer sathidan 700 – 750 kilometrgacha masofani tashkil qiladi.
Chuqurliklarga qarab, zilzilalar uchga bo‘linadi. Yer sathidan 70 kilometr chuqurlikkacha joylashganlari Yer qobig‘i zilzilalari, 70 dan 300 kilometrgacha bo‘lganlari oraliq yoki qobiq osti zilzilalari va 300 kilometrdan 700 – 750 kilometrgacha bo‘lganlari chuqur fokusli zilzilalar hisoblanadi.
Markaziy Osiyoda, xususan O‘zbekistonda ro‘y beradigan zilzilalarning barchasi birinchi guruhga, ya’ni yer qobig‘i zilzilalariga kiradi. Ularning chuqurligi asosan 10 – 40 kilometr, ayrim hollarda, masalan, Pomirda 70 kilometrgacha boradi.
Yaqin o‘n yil ichida Osiyo qit’asida kuchli yer silkinishlari kuzatildi. 2003 yilda Eron Islom Respublikasida, 2004 yilda Indoneziyada, 2011 yilda Yaponiyada ro‘y bergan tabiiy ofatlarning talafot ko‘lami juda katta bo‘ldi.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo hududi, jumladan, O‘zbekiston ham O‘rta yer dengizi – Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Bizning tadqiqotlarimiz natijasiga ko‘ra, bu seysmik kamardagi seysmik jarayon davriy xarakterga ega bo‘lib, 15 – 17 yil seysmik sokinlik va 15– 17 yil seys¬mik faol davrlardan iborat.
Jumladan, so‘nggi seysmik faollik 1998 yilda boshlangan bo‘lib, fikrimizcha, 2017 yillargacha davom etishi kutilgandi. Mazkur seysmik kamarda Hindiston, Xitoy, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, O‘rta yer dengizi qirg‘oqlaridagi bir qancha Yevropa mamlakatlari (Gretsiya, Italiya va boshqalar) joylashgan. Eng kuchlisi 2004 yil 26 dekabrda Indoneziyaning Sumatra orollarida ro‘y berdi. Markaziy Osiyoda ancha yillardan buyon seysmik sokinlik kuzatilmoqda. Bu holat mazkur hududda seysmik zo‘riqish mavjudligini ko‘rsatadi.
Eron va Yaponiya hududida deyarli har kuni turli kuchdagi yer silkinishlari takrorlanib turadi. O‘tgan yilda ayrim davlatlarda ro‘y bergan zilzila ham o‘n minglab odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keldi.
Kezi kelganda shuni ham aytib o‘tish joizki, ko‘pincha matbuot nashrlarida "Rixter bo‘yicha falon ball kuch bilan zilzila ro‘y berdi, deb "ball" so‘zini noo‘rin ishlatish odat tusiga kirib qolgan. Magnituda deganda Rixter shkalasi nazarda tutiladi va "ball" so‘zi ishlatilmaydi.
Rixter shkalasi 0 dan 9 gacha. "Ball" so‘zi 12 balli shkalada ishlatiladi. Eng ko‘p tarqalgani 12 balli xalqaro “MSK – 64” shkalasidir. U 1964 yilda Parijda YUNESKO tomonidan qabul qilingan. M – Medvedev (Rossiya), S – Shponxoyer (Germaniya) K – Karnik (Chexiya) olimlarining bosh harflari bilan ataladi.
Umumiy Rixter shkalasi bo‘yicha eng kuchli zilzilalarning magnitudasi 9 ga teng. Bunday zilzilalar yer sharida kamdan-kam – har 40 – 50 yilda sodir bo‘ladi. Masalan, o‘tgan asrning 1960, 1964 yillarida bo‘lib o‘tgan Chili va Alyaska zilzilalari, hozirgi asrda esa 2004 yil 26 dekabrdagi Sumatra zilzilasi va 2011 yil 11 martdagi Yaponiya zilzilasi bunga misol bo‘la oladi. O‘zbekistonda bunday o‘ta kuchli zilzilalar bo‘lmaydi, eng kuchli zilzilaning magnitudasi 7,5 dan oshmaydi.
Zilzilalarning yuz berishi yer sharining boshqa mintaqalariga ham ta’sir etishi mumkin. Xain, Magnitskiy, Vvedenskaya, Ulomov, Rikitake kabi taniqli olimlar fikriga ko‘ra, yer umumiy seysmik kuchlanishga egadir. Demak, bir joydagi qattiq yer silkinishi o‘z ortidan kuchli kuchlanishlarni olib kelishi mumkin. Bu tabiiy o‘zgarishlar har doim ham bir xil kechavermaydi. Misol uchun yer yuzining ba’zi nuqtalaridagi kuchli zilzila boshqa joyni qo‘zg‘atishi mumkin.
Bizning mintaqamiz ham bundan xoli emas. O‘zbekistonning sharqidagi seysmik holatning 100 – 120 yil davomidagi natijalarini ko‘rib chiqaylik. G‘arbiy Tyan-Shan mintaqasidagi seysmik jarayon taxminan har 35 yilda davriy takrorlanib turadi. 20 – 25 yil davom etgan tinch holatdan so‘ng yer qimirlashi kuchayib boradi. Navbatdagi jarayon so‘nggi 100 – 120 yil davomida 3 marta kuzatilgan. Demak, bu – 4-jarayon boshlanayotganidan dalolat bermoqda.
Zilzila ro‘y bergandan keyin ba’zan u yana takrorlanishi ham mumkin. Xalqimiz orasida "zilzila qaytdi" yoki "qaytmadi", degan iboralar uchrab turadi.
Seysmik to‘lqinlar har xil tezlikka ega. Agar zilzila yaqin – 100-150 kilometrgacha masofada bo‘lsa, to‘lqinlar birin-ketin tez yetib keladi, bir-biriga qo‘shilib ketadi va ularni odamlar deyarli bir-biridan ajrata olmaydi. Agar masofa bir necha yuz kilometr va undan ortiq bo‘lsa, to‘lqinlar oldinma-keyin, lekin alohida-alohida yetib keladi. Masalan, Afg‘onistonda chuqurligi 80 – 250 kilometr bo‘lgan zilzila tez-tez ro‘y berib turadi va O‘zbekistonning barcha viloyatlarida seziladi.
Toshkentga birinchi bo‘ylama to‘lqin yetib kelgandan keyin oradan 45 – 50 soniya o‘tgach, oldingisidan kuchliroq ikkinchi ko‘ndalang to‘lqin va yana bir ozdan keyin uchinchi yuza to‘lqin keladi. Bir yerda turgan odamda go‘yoki bir necha zilzila bo‘lgandek tasavvur hosil bo‘ladi.
Azamat Suyunov yozib oldi
O‘zA