Zelenskiy Putinga energetik kelishuv taklif qildi (+video)
Hindistonda 2020-yilda ota va o‘g‘ilning hibsda vafot etishiga aloqador to‘qqiz nafar politsiyachi o‘lim jazosi bilan jazolandi, Zelenskiy Rossiyaga energetika sohasida hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv taklif qildi, AQSH prezidenti Donald Tramp esa Erondagi vaziyat yakunlangach Venesuela prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkinligini ma’lum qildi; Isroil harbiylarining G‘azo markazidagi maktab yaqiniga bergan zarbasi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, Hindiston Bangladesh bilan qiyin hududlarda to‘siq o‘rniga daryolarga timsoh va zaharli ilonlarni qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, Ruminiya sudi Andre va Tristan Teytlarga nisbatan qo‘llangan sud nazoratini bekor qildi, Vengriya esa «Turk oqimi» gaz quvurining bir qismini kuchaytirilgan harbiy nazoratga oldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RDsXkNDuWiY" title="Zelenskiy Putinga energetik kelishuv taklif qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hindistonda 9 nafar politsiyachi o‘limga hukm qilindi
Hindistonda 2020-yilda ota va o‘g‘ilning hibsda vafot etishiga aloqador 9 nafar politsiyachi o‘lim jazosiga hukm qilindi. 58 yoshli Pandian Jeyaraj va uning 38 yoshli o‘g‘li Beniks koronavirus davrida karantin qoidalarini buzganlikda ayblanib qo‘lga olinganidan so‘ng bir necha kun ichida qamoqda hayotdan ko‘z yumgan. Sud bu holatni xizmat vakolatining qo‘pol ravishda suiiste’moli sifatida baholadi. Sud jarayonida erkaklar yechintirilib, bir-birining ko‘z oldida shafqatsiz kaltaklangani aniqlangan. Huquq himoyachilari esa mamlakatda hibsda o‘lim holatlari ko‘pligini ta’kidlab, tizimni xalqaro inson huquqlari standartlariga muvofiq isloh qilish zarurligini qayd etmoqda.
Zelenskiy Putinga energetik kelishuv taklif qildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga energetika sohasida o‘zaro zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv taklif qildi. Uning aytishicha, bu tashabbus Amerika vositachilari orqali Vladimir Putin tomoniga yetkazilgan. Agar Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatsa, Kiyev ham shunga mos ravishda javob qaytarishini ma’lum qildi. Shuningdek, u avval ham, jumladan Pasxa bayrami arafasida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini berganini eslatdi. Zelenskiy Ukraina armiyasining uzoq masofali zarbalari Rossiya iqtisodiyotiga, ayniqsa neft daromadlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti, deydi.
Tramp Venesuela prezidenti bo‘lmoqchi ekanini aytdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Erondagi vaziyat yakunlangach, ispan tilini o‘rganib, Venesuela prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkinligini ma’lum qildi. U matbuot anjumanida Venesuela xalqidan yuqori qo‘llab-quvvatlash bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, Tramp til o‘rganishga tez moslashishini va kelajakda bu rejani amalga oshirish imkoniyatiga ega ekanini aytdi. U chiqishi davomida Venesueladagi vaziyatni bir necha bor tilga olib, mamlakat bilan bog‘liq jarayonlar qisqa vaqt ichida hal etilganini qayd etdi.
Isroil G‘azodagi maktab yaqiniga bergan zarbasidan kamida 10 kishi halok bo‘ldi
Isroil harbiylarining G‘azo markazidagi maktab yaqiniga bergan havo zarbasi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Hodisa Al-Mag‘oziy qochqinlar lageridan sharqda sodir bo‘lgan. Guvohlar va tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, avval hududda Isroil qo‘llab-quvvatlaydigan qurolli guruh va mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan, shundan so‘ng dron orqali ikki raketa uchirilgan. Hujum aholi zich yashaydigan hududga to‘g‘ri kelgani uchun qurbonlar soni ko‘p bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Keyinchalik mazkur qurolli guruh rahbari 5 nafar Hamas a’zosi yo‘q qilinganini iddao qildi, biroq tashkilot bunga izoh bermadi.
Hindiston Bangladesh bilan chegaraga timsoh va zaharli ilonlarni qo‘yib yubormoqchi
Hindiston hukumati Bangladesh bilan chegaraning ayrim qiyin hududlarida to‘siqlar qurish o‘rniga daryolarga zaharli ilonlar va timsohlarni qo‘yib yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu tashabbus Narendra Modi boshchiligidagi hukumat davrida muhokama qilinmoqda. Mamlakat Bangladesh bilan 4 ming kilometrdan ortiq chegaraga ega bo‘lib, uning bir qismi botqoqlik va suv toshqinlari sabab to‘siq qurish uchun yaroqsiz hisoblanadi. Mahalliy manbalarga ko‘ra, bu g‘oya Chegara Xavfsizlik Kuchlari ichki yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilgan va ayrim hududlarda muqobil chora sifatida baholangan.
Ruminiyada aka-uka Teytlardan sud nazorati olib tashlandi
Ruminiya sudi Endryu Teyt va uning ukasi Tristan Teytga nisbatan qo‘llangan sud nazorati choralarini bekor qildi. Aka-uka odam savdosi va boshqa ayblovlar bo‘yicha tergov ostida qolmoqda. Ular 2022-yil dekabrda hibsga olingan, keyinchalik ehtiyot chorasi uy qamog‘iga, so‘ng esa politsiyada muntazam ro‘yxatdan o‘tish majburiyatiga almashtirilgan edi. Endi sud ushbu majburiyatni ham bekor qildi va qaror ustidan shikoyat qilish mumkin emas. Aka-uka barcha ayblovlarni rad etmoqda, prokuratura esa tergovni davom ettirmoqda.
Vengriya Rossiya gazi keladigan quvurni harbiy nazoratga olmoqda
Vengriya Qurolli kuchlari mamlakat hududidan o‘tadigan «Turk oqimi» gaz quvurining bir qismini kuchaytirilgan nazoratga oldi. Bu qaror Serbiya hududida quvur yaqinida portlovchi modda topilganidan keyin qabul qilindi. Tashqi ishlar vaziri Piter Siyyarto quvur Vengriya gaz tizimining 56 foizini ta’minlaydiganini va uning himoyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Quvurning qo‘riqlovi Vengriya, Rossiya, Serbiya va Turkiya kelishuvi asosida havodan patrul va yer usti nazorati orqali kuchaytirildi.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA