Zavodda yangi qurilma ishga tushdi
5- gidrometallurgiya zavodida ma’danni qayta ishlash jarayonida oltin ajratib olish darajasini oshirishga qaratilgan Mahsulotni filtrlash, quritish va kuydirish tajriba-sanoat qurilmasi ishga tushirildi.
Mazkur zavod so‘nggi yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan barpo etilgan yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, bu yerda yiliga 5 million tonna sulfidli va oksidli ma’dan qayta ishlanmoqda.

“NKMK” AJ Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, ushbu tajriba-sanoat qurilmasini loyihalash ishlari “NKMK” AJ Markaziy loyihalash byurosi mutaxassislari hamda qurilish-montaj ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi quruvchilari tomonidan bajarildi. Qurilmaning asosiy jihoz va uskunalari Navoiy mashinasozlik zavodi, Markaziy kon boshqarmasining Markaziy ta’mirlash-mexanika sexida tayyorlandi.

Qurilmadagi kuydirish jarayonida kimyoviy reaksiyalar hisobiga hosil bo‘ladigan gaz va changlarning atrof-muhitga ta’sirining oldini olish maqsadida ko‘p bosqichli havoni tozalash uskunalari o‘rnatilgan.

Zavodning texnologik jarayoniga tatbiq etilgan tajriba-sanoat qurilma kuydirish hisobiga ma’dandan oltin ajratib olishni sezilarli darajaga oshirish imkonini beradi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri