Zarbdordagi “Ko‘k” qabristoni qachon obod etiladi?
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Zarbdor tumanidagi “Ko‘k” qabristoniga bordi.
Ushbu tumandagi “Yangikent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur qabriston 1978 yili tashkil etilgan bo‘lib, 2008 yil tuman obodonlashtirish boshqarmasi balansiga o‘tkazilgan edi. Ayni paytda qabristonda 480 ta qabr mavjud.

Saxovatpesha insonlarning beg‘araz yordami bilan ushbu qabriston tozalanib, atrofi devor bilan o‘ralgan, darvoza, tahoratxona va bu yerdagi mavjud binolar ta’mirlangan edi. Ammo, ming afsuski, vaqt o‘tishi bilan qabriston o‘z holiga tashlanib, e’tiborsiz, qarovsiz qoldirilgan.
Ulug‘bek Mustafoyev qabristondagi kamchiliklarni qattiq tanqid ostiga oldi, mas’ullarni jiddiy ogohlantirdi, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga aniq vazifa va topshiriqlar yukladi.

Jumladan, qabriston hududini o‘rash, unga kirish uchun alohida yo‘lak ochish va darvoza o‘rnatish, aholi chorva mollari yoki yovvoyi hayvonlarning qabristonga kirishi oldini olish, ziyoratga kelganlar qabrlarni bosmay o‘tishi uchun qulay yo‘laklar yotqizish, tilovat va duo qilish uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatish, ziyoratga kelgan kishilarga ziyorat odoblarini eslatib, nojoiz, xurofiy amallarni qilishdan qaytarish bo‘yicha aniq topshiriq va vazifalar berildi.
Xo‘sh, Zarbdor tumanidagi muammo va kamchiliklar girdobida qolgan ushbu “Ko‘k” qabristoni qachon obod bo‘ladi, bu yerga dafn etilganlarning ruhlari qachon shod etiladi?

Bu mavzuga yana qaytamiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari