“Zarafshon” tajribasi ommalashtiriladi
Buxoro shahridagi “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Bundan ikki yil oldin bu yerga kelgan kishi bu maskanni tanimasligi aniq.
Mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 30 yilligi shodiyonalari davom etayotgan shu kunlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov mazkur mahallaning ramziy-ma’muriy ochilish marosimida qatnashdi.
Viloyat hamda shahar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tantanada viloyat rahbari barcha yig‘ilganlarni eng ulug‘ va eng aziz ayyom – mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Mahallada amalga oshirilgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari misolida mamlakatimizdagi islohotlarning amaldagi ro‘yobiga alohida e’tibor qaratdi.
Ijtimoiy muammolarni tizimli hal qilish, hudud infratuzilmasi bilan bog‘liq yig‘ilib qolgan muammo va kamchiliklarni oqilona bartaraf etishda boshqa mahallalarga yaqqol namuna qilib ko‘rsatsa arzigulik “Zarafshon” tajribasini keng ommalashtirish zarurligini ta’kidladi. Mahalla va unda istiqomat qilayotgan aholi uchun kuz-qish mavsumida risoladagidek sharoit yaratish yuzasidan mas’ul mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
– Mahallada juda katta ishlar bajarildi, – deydi “Zarafshon” mahalla raisi yig‘ini raisi Abdurahmon Luqmonov. – Avvalo hududda Islom Karimov hamda Qayum Murtazoyev ko‘chalaridagi ko‘p qavatli uylar dahlizlari tartibga keltirilib, betonlashtirildi. O‘ttizga yaqin uy fasadi qayta ta’mirdan chiqarildi. Oralaridagi yo‘laklar asfaltlashtirildi. Keyingi yillarda iste’molchi soni oshgani bois yuqori kuchlanishga bardosh berolmay qolgan elektr transformatorlarning 4 tasi yangilandi. Tabiiy gaz tarmog‘idagi nosozliklarni bartaraf etish maqsadida 6 kilometrdan ziyod quvur yangisiga almashtirildi, issiqlik tarmog‘idagi 4 ming metrga yaqin quvur yangilandi. Ko‘p qavatli turar joylar oldiga o‘ttizdan ortiq tungi yoritish chiroqlari va har bir dahlizda o‘rindiqlar o‘rnatildi. Mahallada kundalik yig‘ilayotgan maishiy chiqindini bartaraf etish choralari ko‘rildi. Har bir uy uchun alohida ekin yeri va gulzorlarni sug‘orish maqsadida “Shimgen” suv nasoslari o‘rnatildi. Bu aholi uchun ko‘pdan kutilgan ish bo‘ldi. Shu kecha-kunduzda esa aholining talab va istaklari asosida mahalliy tadbirkorlar tomonidan non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Yuqoridagi sa’y-harakat mahallada boshlangan ishlarning bir qismi, xolos. Bevosita shahar hokimligi va mahalla ma’muriyati jonbozligida nuroniylar, mehnat faxriylari dam olish maskani, bolajonlar uchun sport maydonchasi, sun’iy qoplamali futbol maydoni qurib foydalanishga topshirilgani ham ko‘plarni xursand qilmoqda. Boshqacha aytganda, kun sayin shaharsozlik qoida va me’yorlariga mos chiroy ochib borayotgan mahalla bunyodkorlik maskaniga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalar samarasi o‘laroq “Zarafshon mahalla chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos solindi, – deydi mahalla raisining Oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, ayni paytda mazkur korxona ish yurituvchisi Zamira Ravshanova. – Bu yerga moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalardan tikuvchilikka o‘quvi bo‘lgan xotin-qizlar ishga qabul qilindi. Hozirda hududdagi maktab, bolalar bog‘chasi va boshqa muassasalardan tushayotgan buyurtmalar asosida ish yuritilmoqda. Sotilayotgan mahsulot ayirboshlashdan tushgan daromad hisobidan tikuvchi ishchilarga 1,5 million so‘m atrofida oylik ish haqi berilayotir. Hududdagi harbiyga ixtisoslashtirilgan 19-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun 2 ming donaga yaqin maxsus kiyim-bosh, 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga esa choyshab va ko‘rpa-yostiq jildlarini tikib berib, buyurtmalarimizni kengaytiryapmiz. Aksariyat ishchilar “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan iborat. Matluba Jalilova, Gulmira Abdullayeva, Madina Odilova, Shahnoza Bo‘ronovalar halol mehnat bilan daromad topishni boshlashdi. Ular toifalangan daftarlardan chiqarildi.
Zarif Komilov, O‘zA