Zarafshon shahrida bayram tantanalari
Yurtimiz har bir go‘shasida bo‘lgani kabi konchilar maskanida ham mustaqilligimizning 31 yilligi keng nishonlanmoqda. Butun shahar tantana og‘ushida. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” g‘oyasi ostida o‘tayotgan tadbirlar yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch ulashmoqda.
Ayniqsa, shahar markazidagi “Qizilqum” o‘yingohida Markaziy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, “NKMK jamg‘armasi” DM Zarafshon boshqarmasi, shahar aholisi va mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan asosiy tantana barchaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Shahrimizda mustaqilligimizning 31 yilligi shodiyonasi an’anaga ko‘ra, davlat madhiyasi bilan boshlandi va unga barcha jo‘rovoz bo‘ldi. Zarafshon shahar hokimi N.Rahmonov, “NKMK” AJ bosh muhandisi A.Ravshanovlar mustaqillikning ahamiyati haqida gapirib, barchani eng ulug‘, eng aziz bayram bilan qutladi. Bir guruh soha ilg‘orlari “NKMK faxriysi” unvoni, turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
San’atkorlar, badiiy guruhlar chiqishlari davraga yanada joziba, ishtirokchilar qalbiga a’lo kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, taniqli xonanda janob Rasul qo‘shiqlaridan butun o‘yingoh to‘lqinlanib ketdi. Kuylar qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar raqslarga, o‘yin-kulguga ulandi.

Zarafshon shahrining sokin oqshomini har xil yorqin ranglardan munavvar etgan mushakbozlik barchaga, shu jumladan, bolajonlarga quvonch, hayrat bag‘ishladi.

Bayram tadbirida ishtirok etgan odamlar yuz ko‘zida mamnunlik, ertangi kunga bo‘lgan ishonch kishiga o‘zgacha faxr bag‘ishlaydi. Zarafshon shahrida bayram tadbirlari davom etmoqda.
Dildora Karimova,
Dilshod Bobomurodov olgan suratlar
O‘zA