Xalq banki mijozlar uchun interaktiv xizmat turlarini joriy etmoqda
Mamlakatimiz moliya muassasalari tomonidan aholi manfaatlarini ko‘zda tutgan holda, joylarda bank filiallari, maxsus jamg‘arma va sayyor kassalar tashkil etilib, zamonaviy texnologiyalar vositasida xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.
Mamlakatimiz moliya muassasalari tomonidan aholi manfaatlarini ko‘zda tutgan holda, joylarda bank filiallari, maxsus jamg‘arma va sayyor kassalar tashkil etilib, zamonaviy texnologiyalar vositasida xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.Xalq banki ham aholi ishonchini mustahkamlash maqsadida zamonaviy bank xizmatlari sifatini oshirish, barqarorligini ta’minlash chorasini ko‘rmoqda. Bank xodimlari hududlarga borib, aholidan turli to‘lovlarni onlayn tizimida qabul qilmoqda. Dam olish kunlarida ham bunday yumush bajarilayotgani ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.
– Ilgari barcha to‘lovlarni Xalq banki bo‘limlariga borib to‘lardik, – deydi Qibray tumanida yashovchi Ra’no Ashurova. – Hozir ushbu muassasa “Bank mijoz uchun” taomiliga amal qilgan holda, mijozlar uchun zamonaviy to‘lov tizimlarini joriy qilayotgani, yaratilgan qulayliklardan juda xursandmiz.
Xalq banki moliya bozorida raqobatbardoshlik darajasini yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish xavfsizligini ta’minlash maqsadida biometrik texnologiyalar, “Barmoq izi” dasturi asosida aholidan omonatlarga mablag‘larni qabul qilishda tezkor, ishonchli va kam vaqt oluvchi tizimni yo‘lga qo‘ydi. Tizimning yutuqli tomoni omonatchining ishtirokisiz hech qanday operatsiyalar (foizlar hisoblanishidan tashqari) amalga oshirilmasligidir.
– Xalq bankida “Barmoq izi” dasturi hayotga tatbiq qilinganini eshitib, uning ilk foydalanuvchilaridan biri bo‘lgim keldi, – deydi Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Zaynab Akbarova. – Bu dasturning menga ma’qul jihati shuki, har qanday mijoz qisqa vaqtda omonatini qo‘yishi va olishi mumkin. Xalq bankida mana shunday zamonaviy xizmatlar yanada ko‘proq bo‘lishini istaymiz.
– Bankimizda joriy etilgan “Internet banking”, “Mobil banking” tizimlari xizmatlar samaradorligini oshirish bilan birga, mijoz uchun ham qo‘shimcha qulayliklar yaratishda qo‘l kelmoqda, – deydi bank matbuot xizmati rahbari Bobur Elmurodov. – Mazkur xizmatlar orqali mijoz o‘z hisobvarag‘i bo‘yicha amallarni bankka bormasdan, xohlagan joyda turib, istagan vaqtda internet orqali bajarish imkoniga ega. Hisobvarag‘idagi mablag‘larni o‘tkazish, ularning holati, mablag‘ning kelib tushishi, to‘lovlarning aks etishiga doir ma’lumotlarni ham olishi mumkin. Bu esa vaqtni tejash va mablag‘ni tezkor boshqarishni ta’minlaydi.
Xalq bankida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ishtirokchilari uchun “SMS-xabarnoma” interaktiv xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. U orqali axborot kommunikatsiya sohasidagi ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda mijozlarga tez, ishonchli xizmat ko‘rsatilmoqda. Zero, bunda mijozning mobil aloqa vositalari orqali istalgan vaqtda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobraqamidagi mablag‘lar qoldig‘i to‘g‘risida ma’lumot olish imkoni mavjud.