Zamonaviy uskunalar ish samaradorligini oshiradi
Kadastr sohasining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bu topografiya, ya’ni texnik uskunalar yordamida yer o‘lchovini amalga oshirish va aniq tahlillar yordamida uning hisobini yuritishdir. Mazkur yo‘nalishning asosini esa zamonaviy geodezik o‘lchov asboblari tashkil etadi.
Prezidentimizning 2022-yil 20-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ya’ni Kadastr agentligi organlari va tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.


Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati boshqarmasi va hududiy filiali xodimlari katta hajmdagi ishlarni bajarishda aniqligi yuqori, vaqt tejamkorligi bilan qulayliklarga ega bo‘lgan so‘nggi rusumdagi 22 ta topografik-geodezik o‘lchov vositasi bilan ta’minlandi.
Shuningdek, xodimlarning bu boradagi malakasini oshirish, sun’iy yo‘ldosh asboblarini doimiy stansiyalarga bog‘lab ishlatish va o‘lchov vositalaridan foydalanib ishlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha seminar tashkil etildi.


Taqdim etilayotgan mazkur o‘lchov asboblari ishlash quvvati ko‘p vaqtga yetishi, har qanday ob-havo sharoitida va internet aloqasi past yoki umuman yo‘q bo‘lgan hududlarda ham ishlashi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, yer va binolar o‘lchovini amalga oshirish, ular hisobini yuritishda ish samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri