Zamonaviy ta’lim va ilmiy salohiyat
Mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohalari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi bugun hududlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ana shunday muhim maskanlardan biri Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialidir. Mazkur filial O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-noyabrdagi 926-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, hududda veterinariya va chorvachilik sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi sifatida faoliyat boshlagan.
2022-yil 31-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bilan mazkur filial Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali sifatida qayta tashkil etildi.
[gallery-28797]
Bugungi kunda filialda 60 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 50,8 foizi ilmiy darajaga ega. Jumladan, 4 nafar fan doktori, 4 nafar fan nomzodi hamda 22 nafar falsafa doktori (PhD) ta’lim va ilmiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.
Filial tarkibida 1 ta fakultet va 4 ta kafedra faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda 16 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ular orasida 67 nafar magistrant va 17 nafar doktorant bo‘lib, bu ko‘rsatkichlar ilmiy muhit barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Filialda xalqaro hamkorlik aloqalari ham izchil rivojlanmoqda. Shu bilan birga, filialda zamonaviy moddiy-texnik baza yaratilgan. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida 2023–2024-yillarda 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 2 ta zamonaviy biologik laboratoriya tashkil etildi va eng ilg‘or asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bu esa talabalar va tadqiqotchilar uchun amaliy tajribalar o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Bugungi kunda mazkur filial hududda zamonaviy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni uyg‘unlashtirgan, xalqaro hamkorlikka tayangan barqaror rivojlanayotgan ta’lim maskanlaridan biri sifatida faoliyat olib bormoqda.
Filialda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ta’lim jarayonini zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash borasida so‘nggi yillarda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi qarori asosida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Islom taraqqiyot banki” hamkorligi doirasida 2023-yilda filialga “Biologiya” o‘quv laboratoriyasi uchun 22 ta nomdagi zamonaviy asbob-uskuna olib kelindi. Mazkur jihozlar ta’lim sifatini oshirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, 2023-yilda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning tanlangan hududlarida barqaror iqtisodiy rivojlanish” loyihasi doirasida filialga laboratoriya mebel jihozlari va asbob-uskunalar yetkazib berildi. Bu esa o‘quv jarayonini yanada samarali tashkil etish imkoniyatini kengaytirdi.
Ayni paytda filialda alohida ilmiy laboratoriya mavjud bo‘lmasa-da, o‘quv-amaliy jarayonlarni ta’minlash maqsadida zamonaviy “O‘quv-tajriba veterinariya klinikasi” faoliyat yuritmoqda. Ushbu klinika jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun muhim amaliy baza vazifasini bajarmoqda.
Bundan tashqari, klinikada qishloq xo‘jaligi hayvonlarida homiladorlikni aniqlash uchun “Sunbright 808-F” rusumli portativ ultratovush (UZI) apparati, sut tarkibini tahlil qilish uchun “Master Eco Milk” qurilmasi, shuningdek, eksterer ko‘rsatkichlarini aniqlashda qo‘llaniladigan jihozlar mavjud. Mazkur jihozlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Umuman olganda, filialda yaratilayotgan moddiy-texnik sharoitlar ta’lim va ilmiy faoliyatni zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.