Zamonaviy suv tozalash uskunalari o‘rnatildi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Xitoy Fanlar akademiyasi qoshidagi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi ko‘magida hududdagi 3 ta umumta’lim maktabida zamonaviy suv tozalash uskunalari o‘rnatildi.
Loyiha ichimlik suvi sifatini yaxshilash, maktab o‘quvchilari va pedagoglar salomatligi uchun xavfsiz sharoitlar yaratishga qaratilgan. Chimboy tumanidagi 31-umumta’lim maktabi hamda Kegeyli tumanidagi 19- va 5-umumta’lim maktablariga har biri 5 ming AQSH dollari qiymatidagi zamonaviy suv tozalash uskunalari beg‘araz topshirildi.
Ushbu tizimni joriy etish orqali ming nafardan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchi toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
Mazkur ishlar Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Xitoy Fanlar akademiyasi qoshidagi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida Orol dengizi mintaqasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi kelishuv asosida amalga oshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri