Zamonaviy sog‘lomlashtirish dasturlari – amalda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi 2-sonli shifoxona viloyat hokimining tegishli qarori bilan Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining ko‘p tarmoqli klinikasiga aylantirilgan.
250 o‘rinli shifoxonada bugungi kunda yettita bo‘lim mavjud bo‘lib, kelgusida kardiojarrohlik va jarrohlikning boshqa tarmoqlari, nevropatologiya, urologiya kabi bo‘limlar faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.
[gallery-15061]
- Klinikamiz umid maskaniga aylangan desam adashmayman, chunki minglab bemorlar umid bilan shifo izlab bu yerga kelishmoqda va davolanib oilasi bag‘riga qaytmoqda, - deydi kardiologiya bo‘limi mudiri Muhayyo Hoshimova. - Klinikamizga hatto qo‘shni davlatlar fuqarolari ham davolanish uchun kelishayotir. Jamoamizda malakali shifokorlar, hamshiralar ishlaydi.
Bu yerga ilm vakillari — professorlar, akademiklar jam bo‘lishgan. Ularning yordami bilan respublika miqyosidagi eng murakkab jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
- Men shu yerga kelib davolanib turaman, - deydi bemor Mahbuba Abduraxmonova. - Klinikada ko‘plab tajribali, shirinsuxan shifokorlar mehnat qiladi. Ularning xizmatidan roziman, baraka topishsin.
Yaqinda mazkur shifoxonada 30 o‘rinli pediatriya bo‘limi ham tashkil etildi. Bolalar shifokori Hasanboy Mullajonovning ta’kidlashicha, bugungi kunda bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda. Shuningdek, bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlari amaliyotga joriy etilmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA