Zamonaviy san’at rivoji olimlar nigohida
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkazilmoqda.
Biyennale doirasida qator ko‘rgazmalar, mahorat darslari, dunyoning turli davlatlari rassomlari, san’atshunoslari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Biyennale doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining anjumanlar zalida san’atshunos olimlar ishtirokida “Rassom va jamiyat. Kelajak san’ati konsepsiyalari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyada san’atshunos olimlar, rassomlar zamonaviy san’atning dolzarb muammo va masalalariga doir ma’ruzalar bilan chiqish qildi.
Ushbu xalqaro anjumanda san’atshunoslar tomonidan “XXI asrda rassom va jamiyat”, “Zamonaviy san’at rivojlanishining dunyodagi tendensiyalari”, “Zamonaviy san’atning dolzarb muammolari”, “Zamonaviy san’at va axborot jamoati”, “Zamonaviy san’atda an’ana va innovatsiyalar”, “Sontemporary art va badiiy ta’lim” kabi ma’ruzalar atroflicha muhokama etildi.

Shu bilan birga, “Zamonaviy san’at va muzeylar”, “Globalizatsiya va san’atda milliy o‘ziga xoslik muammolari”, “XXI asrda yoshlar san’ati”, “Kelajak san’ati konsepsiyasining rivojlanishi” mavzularidagi ma’ruzalar san’atshunos-tadqiqotchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ahamiyatlisi, mazkur dolzarb mavzular yuzasidan mutaxassislar tomonidan yozilgan maqolalar to‘plami nashr qilindi. Konferensiya yakunida ma’ruzachilar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
N.Usmonova, O‘zA