Zamonaviy oilada farzand tarbiyasi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida “Zamonaviy oilada farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish masalalari” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada vazirlikning mas’ul xodimlari, oilashunos olimlar, ekspertlar ishtirok etishdi.
– Aslida har bir oila qadriyat hisoblanadi, –deydi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva. – bugungi kunda ayrim oilalarda qaynona-kelin, er-xotin, ona va bola o‘rtasida qandaydir muammolar kelib chiqyaptimi, demak, qaysidir ma’noda qadriyatlarga e’tibor bo‘lmayotganidan dalolat deb bilaman. Yigit bilan qiz nikohdan o‘tib, oila qurayotgan vaqtida ulardan ham sha’riy, ham qonuniy taraflama oila qurishga roziligi so‘raladi. Ularning roziliklari olingachgina oila barpo bo‘ladi. Afsuski, ba’zi yosh er-xotinlar o‘zlarining qonuniy huquqlarini yaxshi bilishadi-yu, burchlarini unutib qo‘yishadi. Biz ana shunday yoshlarga har daqiqada ming yillardan buyon ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan oilaviy qadriyatlarni singdirishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, qayta-qayta eslatishimiz kerak.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan “Zamonaviy oilani barpo etishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni ”, “Oila – milliy qadriyatlar beshigi” kabi mavzularda ma’ruzalar taqdim etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshlig‘i, falsafa fanlari doktori, professor Mukarram Nurmatovaning milliy va umuminsoniy qadriyatlar bo‘yicha bergan ma’lumotlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

– Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha yurtimizda 45810 nafar faol biriktirilgan, –deydi M. Murodova. – Ko‘pchilik bizga bu faollar nima ish qilyapti, degan savolni berishadi. Bular asosan oilaviy ajrim yoqasida turgan er-xotinlarni yarashtirib, oilalarni saqlab qolishadi.
Har yili oilaviy ajrimlar uchun bizga juda ko‘plab arizalar kelib tushadi. Arizalarni o‘rganish jarayonida og‘ir holatlarga duch kelamiz. Qaynonayam, kelinam, erkagam o‘zini o‘ylaydi, men haqman, meni aytganim to‘g‘ri, deb janjal ko‘taradi. Hech kim bolaning taqdiri haqida bosh qotirmaydi. Ayrim qaynona-kelinlar bir-birlarini hurmat qilishni ham istashmaydi. Oilalardagi kelishmovchiliklar, ajrimlar barchasi eng oddiy odob-axloq qoidalarini bilmaslik, qadriyatlarni unutishdan kelib chiqadi, deb xisoblayman.
Tadbir yakunida zamonaviy oilada hamda farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyatini oshirishga oid taklif va tavsiyalar berildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA