“Zakovat” gazchilar bilimini sinovdan o‘tkazdi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali va uning tuman, shahar gaz ta’minot bo‘limlari ishchi-xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan intellektual o‘yinda 8 ta jamoa ishtirok etdi. Har biri besh nafardan iborat jamoalarda mutaxassislar, gaz ta’minotida turli lavozimlarda ishlaydigan xodimlar, oddiy ishchilar o‘zaro bellashdi. Unda mantiqiy, tarixiy, boshqotirma savollar bilan birga bilimdonlarning sohaga oid qonunchilikdan xabardorlik darajasi ham sinovdan o‘tkazildi.

"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tizimda 1 ming 160 dan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Yirik jamoada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, kitob mutolaasiga mehr va qiziqishni oshirish uchun tuman, shahar gaz ta’minoti bo‘limlarini har oyda badiiy adabiyot va boshqa kitoblar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.

Jamoalarning bilim va topqirligini sinovdan o‘tkazgan bellashuv yakunida birinchi o‘rinni “Filial-2” davlat muassasasi jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin “Filial-1” jamoasi va uchinchi o‘rin “Bandixontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi jamoasiga nasib etdi.


G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Endilikda mazkur jamoalardan saralab olingan olti nafar ishtirokchidan tarkib topgan viloyat komandasi “Zakovat” intellektual o‘yinining mamlakat bosqichida ishtirok etib, surxondaryolik gazchilar sharafini himoya qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri