Zaid Tahsin: "Paxtakor"dagi faoliyatim yakunida barcha mavjud sovrinlarni qo'lga kiritgan bo'laman
Iroqlik futbolchi "sherlar" bilan yuqori marralarni ko'zlagan.
“Paxtakor” himoyachisi Zaid Tahsin O‘zA jurnalisti Karim Xudayqulovga intervyu berdi. Iroqlik futbolchi suhbat davomida “Paxtakor”dagi vatandoshlari, Ayman Hussaynning kuchli jihatlari, Superligadagi chempionlik kurashi, Elit OChLdagi maqsadlar hamda Toshkentdagi hayoti haqida gapirdi.
Shuningdek, Tahsin O‘zbekiston va Iroq chempionatlarini taqqosladi, o‘zbek xalqi haqidagi taassurotlari va qaysi milliy taomlarni yoqtirib qolgani haqida so‘zlab berdi.
— “Paxtakor” tarkibida iroqlik futbolchilar soni yana bittaga ko‘paydi. Bu holat sizning holatingizga ta’sir ko‘rsatdimi? Buning qandaydir afzalliklari bormi?
— Albatta, bu bizga juda katta yordam beradi. Chunki biz ham milliy terma jamoada, ham klubda birga o‘ynaymiz. Shu bois maydonda bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz, harakatlarimizni oldindan his qila olamiz. O‘yin davomidagi o‘zaro tushunish darajamiz yuqori. Eng muhimi, har bir uchrashuvda jamoamiz g‘alaba qozonishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishga harakat qilamiz.
— Superligada juda ko‘plab hujumchilarga qarshi harakat qilgansiz. Ayman Hussaynni hujumchi sifatida ulardan ustun deya olasizmi? Biz hali uni to‘liq kashf qilishga ulgurmadik. Siz yaqindan tanigan inson sifatida uning o‘ziga xosliklarini aytib bera olasizmi?
— To‘g‘ri, har bir futbolchining o‘ziga xos iste’dodi va kuchli jihatlari bo‘ladi. Aymanning eng katta fazilati esa — unga taqdim etilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ularni golga aylantira bilishi. U darvoza oldidagi vaziyatni juda yaxshi his qiladi va gol urish uchun berilgan kichik imkoniyatning o‘zidan ham maksimal darajada foydalana oladi. Menimcha, uning asosiy iste’dodi ham aynan shunda.
— Kechagi bahsda “Neftchi” ochko yo‘qotdi va sizlarning g‘alabangiz “Neftchi” bilan farqni bittagacha qisqartiradi. Jadvalni va raqiblarni ham kuzatib borasizmi? “Paxtakor” bilan chempion bo‘lish qay darajada siz uchun faxr?
— Ha, ba’zi o‘yinlarni kuzatib boraman. Ammo biz hozir boshqa jamoalar haqida o‘ylashdan ko‘ra, o‘z o‘yinimizga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Biz uchun eng muhimi — har bir uchrashuvda qanday qilib g‘alaba qozonish va o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishish. Umid qilamanki, O‘zbekistondagi faoliyatim yakuniga yetganida, bu yerdagi faoliyatim davomida barcha mumkin bo‘lgan sovrinlarni qo‘lga kiritgan bo‘laman. Bu men uchun ham katta natija, ham faoliyatimdagi yorqin xotira bo‘ladi.
— Siz ancha vaqt Iroq chempionatida ham to‘p tepgansiz va hozir Superligadasiz. Superliga kichik farq bilan bo‘lsa-da Iroq chempionatidan ustun. Aynan farqlar nimada bilinadi?
— Ikkala ligada ham jismoniy jihatdan kuchli futbol namoyish etiladi. Ularning o‘rtasida katta farqlar yo‘q, ammo har bir chempionatning maydondagi o‘z uslubi, o‘ziga xosligi bor. Shu jihatdan ularning har biri o‘ziga xos va qiziqarli.
— Jamoadagilar bilan qanchalik yaxshi kelishasiz? Iroqlik do‘stlaringizdan tashqari yana qaysi “Paxtakor” futbolchilari bilan yaxshi munosabatdasiz?
— Ha, barcha futbolchilar bilan do‘stona munosabatdaman. Ularning barchasini har kuni ko‘raman, birga mashg‘ulot o‘tamiz, birga vaqt o‘tkazamiz. Shuning uchun ular men uchun shunchaki jamoadoshlar emas, yaqin insonlarga ham aylanib ulgurishgan. O‘zbek xalqi haqida esa faqat yaxshi gaplarni aytishim mumkin. Bu yerdagi odamlar juda mehribon, samimiy va ochiqko‘ngil. O‘zbekistonda o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.
— “Paxtakor” Elit OChLda juda katta jamoalarga qarshi bahs olib boradi. “Paxtakor”ning keyingi bosqichlarga chiqish imkoniyatini qanday baholaysiz? Bunday katta jamoalarga qarshi o‘yinlarda jamoa nima evaziga ochko olishi mumkin?
— Keling, vaqt ko‘rsatsin. Hozirdan biror narsani bashorat qilish qiyin. Ammo shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bizga qarshi maydonga chiqqan har qanday jamoa uchun munosib va jiddiy raqib bo‘lamiz. Biz hech kimga osonlikcha yo‘l bermaymiz va har bir o‘yinda oxirigacha kurashamiz.
— Toshkentda zerikib qolgan paytlaringiz nima bilan vaqt o‘tkazasiz? Bu yerdagi qaysi joylarga sayohat qilasiz? Qaysi milliy taomlarimiz sizga yoqadi?
— Rostini aytsam, bo‘sh kunlarimda Bashar bilan birga ko‘chaga chiqib, vaqt o‘tkazamiz. Endi esa Ayman ham bizga qo‘shilyapti. Birgalikda shahar aylanamiz, xarid qilamiz yoki biror joyda ovqatlanamiz. O‘zbekistondagi taomlar ham menga juda yoqadi. Ayniqsa, osh va somsani yaxshi ko‘rib qoldim. Bo‘sh vaqtimda shunday oddiy, ammo yoqimli damlarni o‘tkazish menga juda ma’qul.
— O‘zbekistonga ilk bor kelganingizda sizda qanday taassurot uyg‘ongan edi? Vaqt o‘tishi bilan O‘zbekiston haqidagi fikrlaringiz qay darajada o‘zgardi? Toshkentda siz uchun eng katta taassurot qoldirgan yoki sizni eng ko‘p hayratga solgan jihat nima bo‘ldi?
— Toshkent — juda go‘zal shahar. Bu yerning eng katta boyliklaridan biri, albatta, uning odamlari. Bu yerda o‘tkazgan vaqtimdan juda mamnunman. Ayniqsa, qish faslidagi ob-havo menga yoqdi. O‘zbekistondagi hayotim davomida ko‘plab yaxshi taassurotlarga ega bo‘ldim va bu yerda o‘tkazgan vaqtim xotiramda albatta yaxshi xotiralar bilan qoladi.