Yuy Szyun: Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yangi sahifasini birgalikda ochamiz
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Istiqlolimizning 35 yilligi bayrami munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun o‘z tabrigini izhor etdi.
– O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Xitoy elchixonasi nomidan do‘st o‘zbek xalqiga o‘zimning eng samimiy tabriklarimni yo‘llashdan mamnunman!
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston milliy taraqqiyot va tiklanish yo‘lida hayratlanarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahbarligi ostida yurtingiz keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda, xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini izchil hayotga tatbiq etmoqda. Mamlakat qiyofasi kun sayin ijobiy tomonga o‘zgarib, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va ta’siri sezilarli darajada mustahkamlandi. Xitoy tomoni O‘zbekiston xalqi belgilangan rivojlanish maqsadlariga erishishiga hamda yanada farovon va yorug‘ kelajak sari dadil qadam tashlashiga ishonadi.
XXR Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik rahbarligi ostida Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan yuqori darajaga – yangi davrdagi har qanday sharoitda barqaror har tomonlama strategik sheriklik maqomiga ko‘tarildi. Tomonlar bir-birining tub manfaatlariga daxldor masalalarda bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, “Bir makon, bir yo‘l”ni birgalikda barpo etish tashabbusining O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyalari bilan uyg‘unlashuvi ikki mamlakat xalqlarining farovonligini oshirishga xizmat qilayotgan salmoqli natijalarni bermoqda.
Yangi tarixiy marrada turgan holda, Xitoy tomoni O‘zbekiston tomoni bilan yelkama-yelka ikki davlat rahbarlarining muhim kelishuvlarini har tomonlama amalga oshirishga, rivojlanish strategiyalarini uyg‘unlashtirishni izchil ilgari surishga, davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishni chuqurlashtirishga, barcha sohalardagi hamkorlik sifati va samaradorligini muttasil oshirishga hamda milliy taraqqiyot va tiklanish yo‘lida do‘stlik va hamkorlikning yangi sahifalarini birgalikda ochishga tayyor.
Yurtingizga ravnaq va farovonlik, o‘zbek xalqiga baxt-saodat, tinchlik va omonlik tilayman.
Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin!
O‘.ALIMOV, O‘zA