Yutuq va kamchiliklar tahlili
Qashqadaryoda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryoda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev boshqargan yig‘ilishda 2016-yili viloyatda amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, Prezidentimizning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, yalpi hududiy mahsulot 5,9 foizga o‘sdi. Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 57,1 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 4,2, qurilish-pudrat ishlari 9,6, qishloq ho‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,5, xizmatlar hajmi 16,3, chakana savdo aylanmasi 14,6 foizga oshdi.
Sanoat sohasini rivojlantirish asosida hisobot davrida 9 trillion 648 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Viloyat hududiy korxonalari tomonidan 2 trillion 507 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti tayyorlandi. 1 trillion 483 milliard so‘mlikdan ortiq investitsiya hisobiga 455 sanoat loyihasi amalga oshirildi. 7 ming 735 yangi ish o‘rni yaratildi. Xususan, Qarshi tumanida 6 milliard so‘mlik investitsiya evaziga “Smes stroy savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yiliga 200 ming tonna qog‘oz ishlab chiqarish, Yakkabog‘ tumanidagi “Darmon farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 1,1 milliard so‘m investitsiya evaziga 5 ming tonna mevani qayta ishlash, “Delta muhandis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 1,2 milliard so‘m investitsiya evaziga yiliga 500 tonna meva sharbati ishlab chiqarish sexlari ishga tushirildi.
O‘tgan yili 1 ming 743 yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 916,7 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. 2016-2017-yillarda turizm sohasini yanada rivojlantirish Dasturi doirasida o‘tgan yili 21,6 milliard so‘mlik 58 loyiha amalga oshirildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama qilindi. Jumladan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, kichik biznes subyektlari va fermer xo‘jaliklarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. 2017-yilda sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash dasturlari parametrlarini so‘zsiz bajarish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.