Yurtimizda ilk bor biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi
Joriy yil 15-oktabr – 30-noyabr kunlari o‘tkaziladigan biznesni ro‘yxatga olish tadbirida Samarqand viloyatidagi 167 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti, 508 mingdan ortiq o‘z o‘zini band qilgan jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olish rejalashtirilmoqda.
Samarqand viloyati matbuot uyida davlatimiz rahbarining shu yil 10-sentabrdagi “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ushbu hujjat asosida o‘tkaziladigan biznesni ro‘yxatga olish tadbiri haqida so‘z yuritildi.
Milliy statistika qo‘mitasi va Samarqand viloyati statistika boshqarmasi mas’ullari mazkur hujjat milliy statistika tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ma’lumotlarning aniqligi va shaffofligini ta’minlash, statistik ma’lumotlarni integratsiyalash va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilganini ta’kidladi.
– Kelgusi besh yilda statistika tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, aholi va qishloq xo‘jaligi statistik registrlarini shakllantirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun hisobot yukini kamaytirish vazifalari belgilangan, – dedi Samarqand viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Qudratov. – Farmonda sun’iy intellekt, raqamlashtirish, “aqlli” so‘rovlar, registrlar va ma’muriy ma’lumotlardan keng foydalanish orqali statistik kuzatuvlarni takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2030-yilgacha statistika hisoboti shakllarini 47 tadan 38 taga qisqartirish rejalashtirilgan. 2027-yil 1-iyulga qadar “Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabi” tashkil etilib, davlat idoralari mas’ul xodimlarining statistik ma’lumotlar bilan ishlash malakasi oshiriladi. Bu va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali 2030-yilga qadar Jahon bankining Statistika samaradorligi indeksida O‘zbekistonni hozirgi 62-o‘rindan TOP-50 davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.

2026-yil yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda respublikada ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligining statistik registrlarini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 2026-2027-yillarda biznesni ro‘yxatga olish hamda ayollar va bolalarning holati, salomatligi, ta’limi va yashash sharoitlarini o‘rganishga qaratilgan multiindikator klaster kuzatuvlarining 7-raundi o‘tkaziladi.
Matbuot anjumanida biznesni ro‘yxatga olish jarayoniga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston hududida biznesni ro‘yxatga olish shu yil 15-oktabr - 30-noyabr kunlari o‘tkaziladi. Bunda 2026-yil 1-oktabr holatidagi raqamlar e’tiborga olinadi. Mazkur jarayonda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning soni, tarkibi, iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimoti va faoliyat holatiga aniqlik kiritiladi.

– Ro‘yxatga olish jarayonida yirik va kichik korxonalar, tadbirkorlik sub’ektlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, norasmiy faoliyat yuritayotgan sub’ektlar, dehqon va fermer xo‘jaliklarini qamrab olish ko‘zda tutilgan, – deydi Samarqand viloyati statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Firdavs Shukurov. – Shu yil 1-sentabr holatida viloyatda 166 ming 826 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 82 ming 508 tasi yuridik maqomdagi korxona va tashkilotlar bo‘lsa, 84 ming 318 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. Viloyatda, shuningdek, 508 ming 896 nafar o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs mavjud. Ro‘yxatga olish jarayoni boshlangach, bu ko‘rsatkichlar 1-oktabr holatiga yangilanadi. Biznesni ro‘yxatga olish mamlakatda faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birliklar to‘g‘risida to‘liq, aniq va ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish, iqtisodiyotning real holatini baholash hamda hududlar va tarmoqlarda tadbirkorlik faoliyatini o‘rganish imkonini beradi. Shakllantiriladigan ma’lumotlar keyinchalik hududlarning iqtisodiy salohiyatini baholash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Biznesni ro‘yxatga olish respublika miqyosida ilk bor o‘tkazilayotgani sababli, uni sifatli tashkil etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xalqaro tajriba va tavsiyalar o‘rganilib, hududlarda jarayonda ishtirok etadigan mahalladagi hokim yordamchilari hamda bozor ma’muriyati xodimlarini o‘qitish ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumani davomida mas’ullar mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri