Yurtimizda g‘o‘za urug‘chiligi rivojlantiriladi
Ma’lumki, yurtimizda paxta yetishtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy qilinib, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish hamda kasalliklarga chidamli navlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shunga ko‘ra, poytaxtimizda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Bunyod Mamarahimov Xitoyning innovatsion paxta urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi korxonasi rahbari Chengbo Jiang bilan uchrashdi.

Tadbirda qayd etilganidek, respublikamizda joriy yil paxta ekiladigan maydonlarning 20 foiziga xorij seleksiyaga mansub g‘o‘za urug‘lari Shinjon agrotexnologiyasi asosida ekiladi. Yana 20 foiz maydonda mahalliy g‘o‘za urug‘larini ham Shinjon texnologiyasi asosida 76/10 sxemali qo‘shqator, plyonka ostida ekish maqsad qilingan.

Xitoy Xalq Respublikasi bilan olib borilayotgan ilmiy va amaliy hamkorlik yuqori hosildor navlarni va agrotexnologiyalarni mamlakatimizga kirib kelishiga zamin yaratmoqda.

Tadbirda tomonlar O‘zbekiston sharoitida urug‘lik yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muloqot qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA