Yurtimizda bag‘rikenglik haftaligi davom etmoqda
Mamlakatimizda 9-16 noyabr kunlari “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlab “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, Yoshlar ittifoqi vakillari ishtirokida “Millatlararo hamjihatlik – Vatanimiz tinchligi va gullab-yashnashi garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Aytish joiz, xalqaro va mintaqaviy munosabatlarda globallashuv jarayoni davom etayotgan, yer yuzida iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib, axborot makonidagi qarama-qarshilik, kurash ortib borayotgan bir sharoitda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning barcha mamlakatlari uchun dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumki, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda yurtimizda millatlararo hamjihatlikni ta’minlash, do‘stlik muhiti va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan davra suhbatida hamkor tashkilotlarning aholi, jumladan, yoshlarda vatanparvarlik, sha’n va qadr-qimmat, fuqarolik mas’uliyati, shuningdek, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan faoliyati hamda sohaga oid qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi millat va elatlar tili, urf-odati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratilishini kafolatlagan holda O‘zbekiston xalqi tarixi va an’analarini o‘rganish bo‘yicha ta’lim, axborot va madaniy-ma’rifiy chora-tadbirlar majmuasi amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Yurtimizda hukm surayotgan do‘stlik va birdamlik muhiti – tinchlik va barqarorlik, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishning muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar aholini, ayniqsa, yosh avlodni mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undash, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Saidmurod RAHIMOV.
O‘zA