Yurtimiz sportchilari Boshqirdiston sportchilari bilan bellashdi
Toshkent viloyati sport delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi sport jamoalari bilan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, katta sport tajribasini to‘pladi.
Toshkent viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov boshchiligidagi mamlakatimiz sport jamoalari Boshqirdiston sportchilari bilan dzyudo, erkin va yunon-rum kurashi, belbog‘li kurash sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘zaro o‘rtoqlik musobaqalarida kuch sinashdi.

O‘tkazilgan bellashuvlarning belbog‘li kurash va dzyudo musobaqalarida o‘zbekistonlik sportchilarning qo‘li baland keldi. Yunon-rum kurashi bahslarida esa jamoalar durang natija qayd etdi.

Boshqirdiston Respublikasi sport tashkilotlari hamda Toshkent viloyati sport boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda sport jamoalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan takliflar ilgari surilib, kelishuvlarga erishildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA