Yurtga muhabbat va birdamlik taronasi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyat teatr-konsert saroyida mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Vatan haqida qalbdan chiqqan satrlar, diltortar taronalar barcha ishtirokchilarga unutilmas onlarni taqdim etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Vatan manzumasi” adabiy-ma’rifiy kechasi qalblarda milliy g‘urur va birdamlik tuyg‘usini uyg‘otdi. Unda taniqli shoirlar, yosh ijodkorlar, san’atkorlar, teatr jamoalari va harbiy orkestr ishtirok etdi.
Tadbir davomida Vatan ozodligi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasi yodga olindi. Ularning jasorati va fidoyiligi madh etilgan she’rlar yangradi, o‘z jonini yurt uchun fido qilgan o‘g‘lonlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
[gallery-24896]
- Vatan haqidagi har bir misra qalbimizdagi eng chuqur tuyg‘ularning ifodasidir. Biz uni so‘zlar orqali emas, butun borlig‘imiz bilan his qilib yozamiz, - dedi shoir Muhammadali G‘afforov.
“Vatan manzumasi” dasturining asosiy maqsadi ona yurtdan faxrlanish, uni asrab-avaylash, tinchligi va ravnaqi uchun fidoyilik bilan xizmat qilish tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat. Tadbirda, shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar tufayli yurtimizda shakllangan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ezgu an’anani mustahkamlash, ijodkorlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida yakdillikni yanada kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA