Yurtdoshlarimiz va fermerlarga MUROJAAT
Aziz dehqonlar va fermerlar!
Shu kunlarda dalalarimizda paxta terimi qizgʻin bormoqda. Bu mavsum koʻplab yurtdoshlarimiz uchun muhim palla hisoblanadi. Shuning bilan bir vaqtda, majburiy mehnat yoki boshqa bir noodatiy holatlar ham shu davrga toʻgʻri kelishini kuzatish mumkin. Ana shunday salbiy holatlarga barham berish, terimchilar uchun qulayliklar yaratish va huquqlarini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi paxta yigʻim-terimini uyushqoqlik bilan oʻtkazish borasida mamlakatimiz aholisiga va fermerlarga murojaat bilan chiqdi.
Aziz dehqonlar va fermerlar!
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida fermer xoʻjaliklarining yer, suvdan unumli va samarali foydalanishi yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.
Joriy yilda Davlatimiz rahbarining “Paxtachilik sohasida bozor tomoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tomoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilindi.
Ushbu qarorlar qishloq xoʻjaligida erkin raqobatni taʼminlab, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini joriy etishga yoʻnaltirilgan boʻlib, paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasi, xarid narxining belgilanishinibosqichma-bosqich bekorqilib, dehqonlarimiz mehnatining iqtisodiy samaradorligi hamda manfaatdorligi oshishini kafolatlaydi.
Yurtimizda paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlanish arafasida. Ayni paytda, oldimizda dolzarb mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazish, aholini koʻngilli ravishda terimga jalb etishdek oʻta masʼuliyatli vazifalar turibdi. Erta koʻklamda, ob-havoning yogʻin-sochinli kelishi natijasida aksariyat maydonlarda chigit ikki, hattoki, ayrim hududlarda uch marotabagacha qayta ekildi. Havo harorati har yilgi meʼyoridan ancha past boʻldi. Saratondagi kuchli issiq ham gʻoʻza rivojiga salbiy taʼsirini koʻrsatdi. Shunga qaramay, dalalarimizda belgilangan rejani ortigʻi bilan bajarishga yetadigan hosil yetishtirildi. Donishmand xalqimiz aytganidek “Gʻalvirni suvdan koʻtaradigan vaqt keldi”. Endigi vazifamiz – mashaqqatli mehnatlar evaziga yetishtirilgan hosilni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay, tez va soz yigʻishtirib olishdir.
Hurmatli fermerlar!
Dalada yetishtirgan paxtani tez va sifatli terib olib, yuqori navlarga topshirish uchun terimchilarga quyidagi ishlarni amalga oshirish talab etiladi:
Birinchidan, paxta yigʻim-terimiga koʻngillikelgan terimchilargayotoq joylarini sifatli taʼmirlab, zarur buyumlar bilan jihozlash va shart -sharoitlar yaratishingiz;
Ikkinchidan,terimchilarni talab etiladigan etak (fartuk), tarozi va boshqa zarur anjomlar bilan taʼminlashingizni;
Uchinchidan, paxta dalangizni terimga shay holatga keltirib qoʻyishingizni (paxta dalasiga boradigan yoʻllarni tozalash, unga suv qoʻymaslik, inson sogʻligʻiga zarar keltiradigan mahalliy va mineral oʻgʻitlarni tegishli tartibda joylash va tuproq bilan oʻrash, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligiga rioya etish va boshqalar);
Toʻrtinchidan, terimchilarni ertalabki nonushta va issiqovqat bilan taʼminlashingiz shartligini unutmang!
Fermer xoʻjaliklari rahbarlari, Sizlar oʻzingiz yashab turgan mahallaning eng tashabbuskor, fidoyilari va yetakchi kuchlaridan biri ekaningizni unutmang. Oʻzingizning olijanob himmatingiz bilan shu xalqning ardogʻiga erishing!
Joriy yilda yetishtirilgan hosil birinchi marta diyorimizda toʻliq qayta ishlanishi davlatimiz iqtisodiyoti, xalqimiz farovonligida muhim oʻrin tutishini yurakdan his etaylik.
Paxta terimiga 18 yoshga toʻlmagan yigit-qizlarni, byudjet tashkilotlarining ishchi-xodimlarini jalb qilishga urinmang,(koʻngillilar oila byudjetiga mablagʻ ishlab olishi uchun dam olish va ishdan tashqari ixtiyoriy yashash joyidan uzoq boʻlmagan yaqin dalalarda paxta terimiga chiqishi bundan mustasno) shuningdek, majburiy mehnatning har qanday shakliga qarshi turing. Chunki, mamlakatimizda majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun javobgarlik yana-da kuchaytirilganini unutmang!
Hurmatli Kengash raislari va Rayosat aʼzolari!
2020-yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yigʻib-terib olishni tashkil etish boʻyicha vaqtinchalik tartibga muvofiq paxta terimida qatnashadigan terimchilar, terim otryadlari va otryad rahbarlari roʻyxatini shakllantirilishini;
besh kun muddatda kerak boʻlsa, terimchilar bilan har kun hisob-kitob qilib, tumanlarda paxta yigʻim-terimiga jalb etiladigan terimchilar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish, har bir terim otryadi rahbariva terimchi, ayniqsa, uyushmagan aholi bilan alohida suhbat oʻtkazilishini;
har bir terim otryad tarkibida bu yilgi pandemiya sharoitini hisobga olgan holda 70 nafardan ortiq boʻlmagan terimchi boʻlishini, har bir otryad va paxta terim markazlarining aniq vazifalari belgilab berilishini;
paxta yigʻim-terimiga jalb etiladigan terimchilar terishi rejalashtirilayotgan paxta xomashyosi miqdori boʻyicha taqdimnomalar tayyorlanishini va terimchilarning sonidan kelib chiqib, ular uchun zarur boʻladigan turar joylar dislokatsiyalari ishlab chiqilishini;
paxta yigʻim-terimiga jalb etilgan fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, koʻchma savdoni, madaniyat va maishiy xizmatlarni hamda koʻchma tibbiy koʻriklarning tashkil etilishini;
2020-yil 20-sentyabrga qadar uyushmagan aholining koʻngilli terimchilarini ommaviy oferta asosida paxta hosilini yigʻib-terib olishga jalb qilish maqsadida har bir tuman (shahar)larning aholi gavjum joylariga bannerlar joylashtirilishini taʼminlashda koʻmaklashing.
Aziz vatandoshlar!
Terimchilar mehnatiga haq toʻlash borasida paxta maydonining oʻzida kunlik yoki har besh kunlik hisob-kitob qilinishi esa dala mehnatkashlari uchun yaratilgan qulayliklardan biridir.
Bu yil paxta xom ashyosining qoʻlda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda – 1000 soʻm, ikkinchi terimda – 1400 soʻmdan naqd pulda mehnat haqi berilishi belgilandi.
Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qonlikoʻl, Qoraoʻzak, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida paxta xomashyosi yigʻim-terimiga terimchilarni qoʻshimcha jalb qilish maqsadida qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan mehnat haqiga Oʻzbekiston Respublikasi byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 200 soʻmdan ustama haq toʻlanishi belgilab qoʻyildi.
Paxta yigʻim-terimi mavsumidaterim otryadlari rahbarlariga fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2 mln soʻmdan mehnat haqi toʻlanadi.
Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida paxta terish mashinalari yordamida terilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun toʻlanadigan mehnat haqining 30 foizi Moliya vazirligi tomonidan qoplab berish tartibi joriy etildi.
Bu yil hosilning asosiy qismi asosan fermer xoʻjaliklarining ishchi kuchi yordamida yigʻishtirib olinishi rejalashtirilgan. Terim otryadlariga esa koʻngilli ravishda aholi, yaʼni, mehnatga layoqatli boʻlgan kishilar jalb etiladi.
Terimga jalb qilinadigan hasharchilar uchun shiyponlar va yotoqxonalar joylashuvi rejasi tasdiqlanib, zarur shart-sharoitlar yaratildi. Hasharchilarni dalama-dala, bir kunlikmasofaga olib borib kelishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ular jihozlangan yotoqxonalarda yotib, terimda ishtirok etadi.
Aziz yurtdoshlar!
Paxta yigʻim-terimi mavsumida shunday koʻtarinkilikni tashkil qilaylikki, bobodehqon yelkasidagi yukni koʻtarishga kamarbasta boʻlish, el-yurt tashvishiga sheriklik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish, gʻururlanish hissi yuragingizda joʻsh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, ona yurtimiz yana-da obod boʻlishi uchun munosib hissangizni qoʻshishga va paxta yigʻim-terimida faol qatnashishga daʼvat etamiz!
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi