Yuridik xizmat sohasidagi muammo va yechimlar
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Idoralarda tashkil etilgan yuridik xizmatlar faoliyati shu maqsadga qaratilgan.
Adliya vazirligida yuridik xizmat sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, muammo va yechimlarga bag‘ishlangan ochiq muloqotda shu haqda so‘z yuritildi.
Oflayn va onlayn rejimda o‘tkazilgan tadbirda qariyb 200 nafar yuridik xizmat xodimi ishtirok etdi.
Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikromov tomonidan yuridik xizmat faoliyatini takomillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar, ro‘y bergan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yuridik xizmat xodimlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib bormoqda.
Davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tarkibiy tuzilmalari ishini muvofiqlashtirib bormoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazishda ishtirok etmoqda.
Shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, davlat organlari va tashkilotlarining mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
Anjumanda yuridik xizmat sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ijobiy baholanib, sohada yuzaga kelayotgan muammolarga e’tibor qaratildi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy bo‘linmalari yuridik xizmat xodimlarining huquqiy maqomini oshirish va yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida yuridik xizmat xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar, amaliyotda uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf qilish bo‘yicha fikr almashdi.
Qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tgan muloqotda bildirilgan takliflar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA