Yuridik xizmat: aholiga yanada yaqin
Jizzax viloyati hokimligida “Yuridik xizmat faoliyatida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimizning 2017 yil 19 yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va ushbu qaror asosida tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risidagi Nizom haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ushbu qaror davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirishda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini izchillik bilan kuchaytirish maqsadida qabul qilingan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan ularning hududiy tuzilmalarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan eng kam me’yor va mezonlarga asosan, majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etilishi, bunda yuridik xizmatning mavjud shtat birliklari qisqartirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.
Mazkur qaror bilan o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari ushbu organlar va tashkilotlar ishtirokida vujudga keladigan nizolarni sudgacha hal etish yuzasidan majburiy tartibda choralar ko‘rishi mumkin.
[gallery-9354]
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yuridik bo‘lim tomonidan jami 1 ming 837 ta me’yoriy hujjatlarga, ya’ni hokim qarorlari, farmoyishlari va kengash qarorlari o‘rganib chiqilib xulosalar berilgan, 244 ta hujjat tayyorlanishida amaldagi me’yoriy hujjatlar talablari to‘g‘ri tatbiq etilmaganligi va boshqa asoslantiruvchi holatlar e’tiborga olingan holda o‘rganish natijasi bilan xulosa berilmasdan rad etilsa muallifga tegishli tarzda rasmiylashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilib qaytarilgan, 262 holatda huquqiy ekspertiza talab etilayotganligi bois ekspertizaga yuborilgan, – deydi viloyat hokimining yuridik bo‘limi boshlig‘i Gulnora Hamroyeva. – Jizzax shahar va tumanlar hokimliklari yuristlari hamda kotibiyat mudirlarining kasb malakasini oshirish maqsadida har oyda kamida bir marta seminarlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Sudlarda hokim qarorlarining ko‘rilishi jarayonida muntazam yurist ishtiroki ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar viloyat hokimligi bosh yuristkonsulti tomonidan 60 dan ortiq hokim qaror va farmoyishlarining sud jarayoni muhokamasida ishtiroki ta’minlangan.
Hokimlik yuristlarining norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tarkibiy tuzilmalari ishi muvofiqlashtirilib, qabul qilinayotgan qaror loyihalari bo‘yicha takliflar berib borish yo‘lga qo‘yilgan.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA