“Yurakdan yurakka” xayriya aksiyasi
Toshkent viloyatida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Yurakdan yurakka” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.

Unda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, hududda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, mehnat faxriylari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga murojaatini o‘qib eshittirdi. Yurtimizda “Inson qadri uchun” degan g‘oya asosida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotgani alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng xayriya aksiyasi e’lon qilindi.

Toshkent viloyatida ham imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har jihatdan ijtimoiy himoyalash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish uchun sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 17 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi ostida hududda nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan shaxslarga har oyda 500 ming so‘mdan nafaqa berilmoqda. Shu bilan birga, bu yil nogironligi 95 nafar shaxslarning uy-joylari ta’mirlab berildi. 2 ming 868 nafar imkoniyati cheklangan va pensiya yoshidagi fuqarolar hududlardagi sihatgohlarga salomatligini tiklash uchun yuborildi, 1 ming 586 nafar shaxslarga 124 million so‘mlik bepul dori-darmon vositalari yetkazildi.


Tadbirda ixtisoslashtirilgan maktab internatlarida ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarning qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyumlarning savdo yarmarkasi tashkil etildi. Viloyat faollari o‘zlariga manzur bo‘lgan mahsulotlarni sotib oldi. Zoyir Mirzayev Bekobod shahridagi 15-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab o‘quvchisi Sevinch Boynazarova to‘qigan ijod mahsulini yuqori baholadi.

Aytish joizki, aksiyadan tushgan mablag‘lar viloyatdagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning sog‘lig‘ini tiklash, nogironlarni protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash kabi xayrli ishlarga yo‘naltiriladi. Umuman olganda, mazkur aksiya doirasidagi tadbirlar barcha hududlarda o‘tkazilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.