Yuragi o‘zbekcha urgan shoir
O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg 1939 yilda Toshkentda tavallud topgan.
O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg 1939 yilda Toshkentda tavallud topgan. O‘ndan ortiq she’riy to‘plami Toshkent, Moskva va Sankt-Peterburgda chop etilgan. Shoir qalamiga mansub yettita badiiy film ssenariysi o‘ziga xosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Yigirmadan ziyod multfilm va ko‘plab nasriy asarlar muallifi.
A. Faynberg mohir tarjimon ham edi. Rusiyzabon kitobxonlar ko‘plab o‘zbek shoirlari ijodidan bahramand bo‘lishida uning xizmati katta. Moskvada O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” poemasi, Toshkentda “Oqqushlar galasi” nomli o‘zbek shoirlari ijodidan qilingan tarjimalar jamlanmasi nashr etilgan.
O‘zbekiston xalq shoiri, Kinematografiya uyushmasi a’zosi Aleksandr Faynberg Rossiya Prezidenti farmoni bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarga munosib hissa qo‘shganligi uchun Pushkin medali bilan taqdirlangan. Shoir 2009 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg qabriga ziyorat uyushtirildi. Unda bir guruh ijodkorlar, yozuvchi-shoir va marhumning yaqin qarindoshlari ishtirok etdi.
Ziyorat chog‘ida Aleksandr Faynberg bilan bog‘liq iliq xotiralar yodga olindi, nafis she’rlari eslandi, qabriga gulchambar qo‘yildi.
– Aleksandr Faynberg she’rlari ravon o‘qiladi, – dedi Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, tarjimon Rustam Musurmon.– She’rlaridan O‘zbekistonga cheksiz muhabbatini sezganman, Toshkentga bo‘lgan tengsiz mehrni his qilganman. Shuning uchun ham she’rlarini tarjima qilishda qiynalmayman. Uning misralaridan shu ayon bo‘ladi, u ruscha yozadi, ammo yuragi o‘zbekcha uradi. Qalbida o‘zbekni ulug‘lash hissi bor. Bir she’rida “Loysuvoq uylarda simirdim chalob, Eshiksiz hovlilar ochiqdir mudom” degan misrasi orqali xalq ichiga kirib borgani, o‘zbek urf-odatlarini qalbiga yaqin olgani bilinadi.
Aleksandr Faynberg she’rlarini tarjima qilib “Chig‘ir” nomi ostida o‘quvchilarga taqdim etganmiz. Unga she’rlari bilan bir qatorda, benazir bitilgan nasriy va publitsistik asarlari kiritilgan.