Yuqorichirchiq tumanidan topilgan ko‘za xususida
2021 yilning 14 aprel kuni Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Madaniy meros departamenti xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi arxeologik yodgorliklarni qayta hatlovdan o‘tkazish ishlari olib borildi.
Tekshirish paytida Sigirtepa arxeologik yodgorligining janubi-sharqiy tomonidagi tuproqlar orasida singan holatdagi sopol idishga duch kelindi. Ushbu sopol idish tuproqdan ajratib olingach, tana qismi tuxumsimon, bo‘g‘zi uzun, bir uchi bo‘g‘zining tepasiga, ikkinchi uchi keng tana qismiga ulangan “G” shaklidagi qalin tutqichli ko‘za ekani aniq bo‘ldi. Ko‘za o‘rganilganda, bo‘yining saqlangan qismi 48 sm., og‘zining diametri 10 sm., yassi shaklidagi tagining diametri 15 sm., uzun bo‘g‘zining balandligi esa 15 sm.ga tengligi ma’lum bo‘ldi.
Bu ko‘za kulolchilik charxi yordamida yasalgan bo‘lib, uning yelkasiga aylanasi bo‘ylab taroqsimon moslama bilan yonma-yon to‘rt qator botiq chiziq tushirib bezak berilgan. Ko‘za xumdonda pishirilgandan so‘ng jigarrang tusga kirgan. Pishirilib tayyor bo‘lgach, sirtiga qizil rangli loy bir tekisda surtib chiroy berilgan.
Tadqiqotlarda bunga o‘xshash qizil rangli loy surtilgan, tanasi tuxumsimon, bo‘g‘zi uzun ko‘zalar Toshkent vohasida aniqlanib, miloddan oldingi II asrdan milodiy VI asrning birinchi yarmigacha davrlashtirilgan Qovunchi madaniyati nomi berilgan kulolchilik buyumlari majmuasida ko‘plab uchraydi. Ammo bu madaniyatga oid ko‘zalar mo‘rtligi, charx yordamisiz, qo‘lda yasalganligi, tutqichining kichikroqligi bilan Yuqorichirchiq tumanidan yangi topilgan ko‘zadan farq qiladi. Yangi topilgan ko‘za o‘zining charxda bejirim qilib yasalganligi, yelkasiga taroqsimon asbobda aylanasiga tirnab bezak berilganligi, tutqichining shakli va yuksak did bilan yaratilganligiga ko‘ra O‘zbekistondagi ko‘plab yodgorliklardan topib o‘rganilgan IX-XII asrlarga oid ko‘zalarga o‘xshab ketadi. Shularga asoslanib yangi topilgan ko‘zani qadimiy xunarmadchilik an’analarining takomillashuvi natijasida IX-XII asrlarda ishlab chiqarilganligini, u topilgan yodgorlik ham shu asrlarga oidligini taxmin qilish mumkin.
Ushbu ko‘zani kelajakda Toshkent muzeyiga topshirish ko‘zda tutilgan. Chunki o‘zbek xalqining uzoq vaqtlar davomida avloddan – avlodga o‘tib kelgan o‘ziga xos hunarmandchilik an’analarini ko‘rsatib beroladigan mazkur topilma muzey ko‘rgazmalari orasida o‘zining munosib o‘rnini topadi va muzeyga tashrif buyuruvchi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otadi deb o‘ylaymiz.
Dilmurod NORMURODOV,
Fanlar akademiyasi Tarix instituti bo‘lim boshlig‘i