Yuksak sharaf va cheksiz mas’uliyat
Munosabat
Xalqimiz Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” tamoyili asosida shaxdam odimlayotgan, yaratuvchanlik ruhi bilan yashayotgan bir paytda, 2022 yil 19 yanvar kuni “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi ayni muddao bo‘ldi.
Mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlar masalasi yana bir karra davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zero, yurtimiz aholisining salmoqli qismini yosh avlod tashkil etadi.
Xalqimiz yoshlarning tarbiyasi, binobarin, komil inson sifatida o‘sishiga katta e’tibor bilan qaragan. bugungi globallashuv jarayonida yoshlarga nisbatan diqqat-e’tiborli bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Mazkur masalani ijobiy hal qilishning eng maqbul yo‘llaridan biri, shubhasiz, mahalla bilan hamkorlik qilishdir.
Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” kabi hikmatlar bor. Buning zamirida yosh avlod tarbiyasida oila va mahallaning roli juda muhim ekani mujassam. Shunday ekan, doimo davlatning kichik qo‘rg‘oni sifatida oilaning mustahkamligi uchun harakat qilingan. Ayni shu tufayli mahalla ahlining tinchligi, farovonligi ijtimoiy-iqtisodiy holatiga chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan.
Milliy qadriyatlar va an’analarimiz mohiyatini to‘g‘ri anglab yetib, ularni hayotga tadbiq etish maqsadida oliy o‘quv yurtlari bilan mahallaning o‘zaro aloqasini mustahkam ko‘zlangan maqsad sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ladi.
Mazkur hujjatni Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lmish yigit-qizlarimizga nisbatan navbatdagi g‘amxo‘rlik sifatida qabul qilish mumkin.
Odatda mahalla qo‘mitasida ishlaydigan xodimlarning ko‘pchiligi ulug‘ yoshli bo‘lganliklari uchun ham yoshlar botinib, borib ularga murojat qilgani iymanadi. Mahallada yoshlar bilan ishlovchi alohida xodimning, aniqrog‘i yoshlar yetakchisining bo‘lishi muammolarning ijobiy hal etilishini ta’minlaydi, deb o‘ylaymiz.
“Yoshlarning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti” degan naql bor. Ertamiz egalarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy kecha va uchrashuvlarning o‘tkazilishi albatta, o‘z samarasini beradi. Ayniqsa, alohida iqtidor va iste’dod egasi bo‘lganlarga e’tiborning kuchaytirilishi, ko‘rik-tanlovlar g‘oliblarining rag‘batlantirilishi ham muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Yana bir muhim jihati shundaki, Prezidentimiz qarori bilan oliy ta’lim muassasalarining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlariga birinchi prorektor maqomining berilishi masalaning naqadar muhimligini ko‘rsatib turibdi. Bu esa yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ularni Ona Vatanga mehr va muhabbatlarini yanada oshirish kechiktirib bo‘lmas ish ekanligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bu sohada faoliyat olib borayotgan mas’ullar uchun katta sharaf va cheksiz mas’uliyat hamdir.
Biz Namangan davlat universiteti jamoasi davlatimiz rahbarining qarorini o‘z vaqtida qabul qilingan tarixiy hujjat sifatida baholaymiz va u kelajakda yoshlar orasida juda ko‘plab iqtidor egalarining tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti
yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori.
O‘zA