Yuksak marralarni ko‘zlagan pillakorlar
So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda pillachilik rivojiga ham alohida e’tibor qaratilgani sabab sohadagi ko‘rsatkichlar yil sayin oshib bormoqda. Bu yil Buxoro viloyati pillakorlari yangicha yondashuv, markazlashgan holda ipak qurti parvarishlab yuksak marrani ko‘zlashgan.
– Jondor tumani pillachilikda o‘z tarixiga ega, – deydi Jondor tumani hokimi o‘rinbosari Shahnoza Rahmonova. – Bugungi kunda zamonaviy usullarda pilla boqish an’analari rivojlanib bormoqda. Oldingi yillardan pillachilik sohasida ham talab kamligi ham talay qiyinchiliklar bo‘lganligi sabab pilla yetishtirishga e’tibor kamaydi. Bugunga kelib mingga yaqin xonadonlarda ipak qurti boqilyapti va sifatli pilla yetishtirishga erishilyapti. Hozirda 7260 ming quti ipak qurti boqilyapti. Bunda 6 mingga yaqin xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda. Natijada xotin-qizlarning xonadoniga, ijtimoiy hayotidagi farovonligini oshirish darajasi ko‘tarilmoqda.

Joriy yilda Buxoro viloyati pillakorlari 52 ming 388 quti ipak qurti parvarishlashga kirishdi. Xitoy va Polsha tajribalari asosida kumush tolaning nafaqat salmog‘i, balki sifati ham yaxshilanib borishi natijasida “kumush tola” yetishtiruvchilar birinchi mavsumning o‘zidan ko‘zlangan maqsadni 80 foizdan orttirib uddalashni reja qilishgan. Ya’ni bu yilgi marra 3 ming 500 tonnaga yaqin xirmon ko‘tarish. Hozirda ipak qurti parvarishining o‘zi 12 400 nafar aholi bandligini ta’minlayapti. Ularning katta qismi esa xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

– Qaroli mahalla Xorsafed qishlog‘ida ipak qurti boqadigan markazimiz bor, – deydi “Qaroli” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shohista Niyozova. – Markazda 100 qutiga yaqin ipak qurti boqyapmiz. Markazda 30 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ehtiyojman aholi qatlami faoliyat olib boryapti. Qutilar sonini ko‘paytirib, yana ko‘proq xotin-qizlarni bandligini ta’minlashni rejalashtirganmiz.
Ipak qurtidan ilgarilari bir marotaba hosil ko‘tarilgan. Hozirga kelib, 4 marta kumush tola yetishtirmoqda. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Avvalo, joylarda ipak qurti ozuqa bazasini shakllantirish borasida ham katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
– Bir quti ipak qurti boqqan xonadon kam deganda ikki yarim million so‘m daromadga ega bo‘ladi, – deydi pillachilik korxonasi rahbari Shabon Hojiyev. – Oldin 1 tonna 200 kilogramm tut bargi talab qilingan bo‘lsa, hozir 600-700 kilogramm bilan to‘yinyapti. Undan tashqari pillasining ham salmog‘i yuqori bo‘ladi. Bu esa ipak qurtini boqadigan xonadonlarning daromadini oshishiga, qo‘l mehnatini yengillashtirishga olib keladi. Chet elliklar birinchi navbatda sifatga e’tibor qaratadi. Hozirda Janubiy Koreya, V’etnam, Hindiston hamda Eron davlatlari bilan doimiy shartnomalarimiz bor. Ular ipagimizning doimiy xaridorlari.

Prezidentimizning 2024 yilning 3 mayda qabul qilingan “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida viloyatda o‘tgan yili 15 million tup, joriy yil bahorda esa 5 million tup tut ko‘chatlari ekildi. Bu ham hosildorlik salmog‘i ortishida muhim o‘rinni egallamoqda.
Buxoroda pillachilikda 5 klaster aholi manfaatdorligini ta’minlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar ustida ish olib boryapti. Endilikda katta tajribaga ega, ammo, ma’lum sabablar bilan ipak qurti parvarishlashdan yiroqlashgan aholi vakillari ham pilla oilaning qo‘shimcha daromad manbai ekanini anglagan holda soha rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.
Ma’lumki, ipakchilik sanoatida boy tajribaga ega mamlakatimiz mahsulotlariga bo‘lgan talab yil sayin oshmoqda. Shu jumladan, pilla xomashyosi hajmi yildan-yilga ortib borayotgan Buxoro viloyatida ham eksport salohiyati tobora kengaymoqda. Bu yilgi parvarish jarayonlaridan shu narsa ma’lumki, mahsulot salmog‘i yanada oshiriladi. Bu esa qishloq aholisi farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.