Yuksak ma’naviyatga yetaklovchi kuch
Zarafshon shahar Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan shahar Axborot-kutubxona markaziga 1200 dona kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Bu tashabbus nafaqat kutubxona fondini boyishiga, balki kitobxonlar sonining oshishiga ham xizmat qiladi. Azaldan xalqimiz kitobni qadrlagan, uni avaylab asragan. bugungi kunda ham aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish muhim vazifalardan biri sifatida o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.

– Markazimiz kitob fondi 37 ming 800 tani tashkil etadi. Bugun esa ularning soni yanada ko‘paydi, – deydi shahar Axbort-kutubxona markazi direktori Qunduz Karimova. – Albatta, hozirgi kunda aholi o‘rtasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoq kamaygandek. Ammo butunlay yo‘qolgan emas. Bugun bir nafar bo‘lsa ham kitob o‘qiyotgan yurtdoshimiz bor ekan, demak, ma’naviyat va ma’rifat uchqunlari so‘nmaydi.

Kitob inson qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarda mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishda muhim o‘ringa ega. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi, kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q”.
A.Bo‘riyev,
O‘zA