Yuksak ma’naviyat oddiy madaniyatdan boshlanadi
Munosabat
Ma’naviyati yuksak, madaniyati qadimiy va ma’rifati ibratli bo‘lgan millat hamisha qadrlangan. O‘tmishdan hozirgacha shu kabi fazilatga ega bo‘lgan xalqning mavqei ham yuqori baholangan. Shundan kelib chiqib, millatlar va elatlar bir-biri bilan bo‘lgan muloqotlarda shu jihatlarga asosiy e’tiborni qaratganligi ham bejiz emas.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining yig‘ilishida ijtimoiy soha, adabiyot, san’at, madaniyat, diniy, ta’lim, pedagoglar faoliyati, yoshlar tarbiyasi kabi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Tilga olingan har bir soha haqida batafsil fikr yuritish mumkin.
Quyida teatr sohasidagi ayrim mulohazalarimni o‘rtoqlashmoqchiman.
Teatr san’ati azaldan inson tarbiyasida muhim omil sanalgan. Teatr bu sahna, insonlar sahnadagi aktyorlar, degan iborani ko‘pchilik yaxshi biladi. Chunki hayotning har bir lahzasi inson uchun kattami- kichikmi bir rolga qiyoslanadi. U salbiy yoki ijobiy bo‘lsin, inson shu orqali o‘ziga baho berib, o‘zini isloh qilib borishi lozim. Shu jihatdan teatr katta maktab vazifasini o‘taydi.
Teatr deganda ilk bor maktab sahnasida kichkina rolni ijro etganim yodimga tushadi va o‘sha vaqtdagi tuyg‘uni his qilaman. Do‘stlar bilan maktab davrini eslab qolgudek bo‘lsak, o‘sha obraz yana yodimga tushadi. Hozirgacha ham o‘sha davrni entikish bilan esga olaman...
Talabalikda adabiyot nazariyasi fanidan ustoz Hulkar Olimjonova saboq berardi. Bir kuni darsga kelsak, Hulkar opa “Bilaman, hammangizda charchoq bor. Bugun sizlarga dars o‘tmayman. Dekanatdan ruxsat olganman. Hozir hammamiz Hamza teatriga (o‘sha paytda shunday atalardi) boramiz. Bugun “Yulduzli tunlar” nomli spektakl namoyish etiladi. Kelasi darsga shu spektakl asosida o‘z tushunchangiz va qarashlaringizni bayon etib, yozma ish topshirasizlar” dedi.
Teatrga keldik. Tomoshabin ancha siyrak ekan. Bo‘sh o‘rindiqlardan joy olib joylashdik. Sahna bezaklari, aktyorlar liboslari, musiqalar, jonli aytishuvlar, ayniqsa, orqa fonda Sherali Jo‘rayevning “Andijonim qoldi mening... “ deb kuylagan qo‘shig‘i hamon quloqlarim, ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Bu barcha talabalar ong-shuurida bir umrga muhrlanib qolgan bo‘lsa, ajab emas.
Shu sabab bo‘ldimi, teatr tomoshalariga oilaviy va do‘stlar bilan borib turadigan bo‘ldim. Lekin har safar bir narsadan qoniqmay qaytaman. Teatr bu jonli ijro. Hayotiy voqealar, hodisalar ko‘z oldingizda jonli gavdalanadi. Aktyorlar butun vujudi bilan terga botib tomoshabin bilan muloqotga shaylanadi. Lekin tomoshabin bunga doim loqayd qaraydi. Keyingi to‘rt-besh yil davomida kishini g‘ashiga tegadigan holatlar sababmi tomoshalarga bormay qo‘ydim.
So‘nggi bor Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga bordim. Juda go‘zal tomosha. Lekin tomoshani ko‘rishga tomoshabin tayyor emas, degan fikrga keldim. Sababi oddiy tomoshabin madaniyati yetishmasligi. Tasavvur qiling, sahnada aktyor to‘laqonli jonli ijroda kishini mushohadaga chorlovchi, yurakni ezuvchi, ko‘zga beixtiyor yosh keltiruvchi so‘zlarni bayon qilmoqda. Shu payt tomoshabin qo‘lidagi go‘dak xarxasha qilib qoldi. Yana besh-olti yoshlar chamasidagi ikki bolakay tomoshabinlar orasidagi yo‘lakda baqir-chaqir qilib yugurgilab yuribdi. Yana bir o‘rindiqda ikki yosh kabutarlardek bir-biriga suyanib, nimalarnidir shivirlab o‘tiribdi. Tomosha zalida jimlik. Har bir tovush tomoshabinga emas, aktyorlarga ham jaranglab eshitiladi. Bu holda tomoshabinning ham, aktyorning ham fikri bo‘linishi bor gap.
Shundan keyin o‘yladim. Yaxshi asar yo‘q, yaxshi dramaturg yo‘q, shuning uchun tomoshabin teatrdan ko‘ngli sovigan, degan gaplarning hammasi bekor, aslida bizda madaniyatli tomoshabin yetishmaydi, degan xulosaga keldim. Teatrga kelgan tomoshabin o‘zi bilan yegulik, ichimlik va ermak uchun turli narsalarni olib kirib, hammaning e’tiborini tortishi –bu o‘ta madaniyatsizlikning belgisi.
Ma’naviyat va madaniyat qudratli kuchga ega bo‘lishini amalda ko‘rsatish lozim. Prezidentimiz yig‘ilishda “Ta’kidlab aytmoqchiman: bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!” deb alohida urg‘u berdi.
Bu bejizga aytilmadi. Har birimiz o‘zimizni isloh qilishimiz lozim. Buni eng, avvalo, oiladan boshlashimiz kerak. Oiladagi tarbiya birlamchi kuchga ega. Farzandlarimiz madaniyatli bo‘lsa, jamiyatda tutgan o‘rni, salohiyati bilan yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladi. Oila va maktab o‘rtasidagi bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik, bu yoshlar tarbiyasida yetakchi omil bo‘lishini dildan his etmog‘imiz zarur.
Yoshlarni namunali xulq egasi qilib tarbiyalash har birimizning bugungi kundagi eng muhim vazifamiz bo‘lmog‘i lozim. Yuksak ma’naviyat oddiy madaniyatdan boshlanishini unutmaylik.
Asror Sulaymonov, O‘zA muxbiri